O‘zbekistonda ma’lum vaqt kinoga yetarli e’tibor bo‘lmagani sababli sohada turg‘unlik paydo bo‘lgan, faqat yengil-yelpi, tijorat kartinalari yaratilib, milliy kino rivoji dunyodan ortda qolib ketgan edi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni “O‘zbekfilm” studiyasida kino san’ati faxriylari, rejissorlar, soha mutasaddilari bilan o‘tgan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident o‘z nutqi davomida, jumladan, shunday dedi: “Imom Buxoriy, Beruniy bobomiz, birinchi, ikkinchi Renessans davridagi barcha qahramonlarimiz to‘g‘risida kino qilishimiz kerak. Ularning hammasi to‘g‘risida 10 tadan film qilsa arziydi. Mening maqsadim — uchinchi Renessans uchun to‘g‘ri poydevor yarataylik. Birinchi, ikkinchi Renessansni esa kino orqali ko‘rsataylik. Ertaga bu yoshlarga namuna bo‘ladi”.

Uchrashuv davomida eng sara o‘zbek filmlari 100 taligini tuzib, davlat va xususiy telekanallarda namoyish qilish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

“Kino juda murakkab, xalqimiz, jamiyatimiz uchun muhim soha. Kino — bu tarbiya zamini. ‘Tohir va Zuhra’, ‘O‘tkan kunlar’, ‘Kelinlar qo‘zg‘oloni’ yoki ‘Oltin devor’ kabi kinolarimizdan 7 dan 70 yoshgacha bo‘lgan odamlar tarbiya olgan. Hozir hamma Shukur Burhonovni, Nabi Rahimovni sog‘inib eslaydi”, — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Avvalroq Prezident milliy kino san’ati fidoyilarini e’tirof etish maqsadida har bir hudud umumta’lim maktablariga Razzoq Hamroyev, Shukur Burhonov, Nabi Rahimov, Hamza Umarov, Lutfixonim Sarimsoqova kabi el sevgan ijodkorlar nomini berishni taklif qilgani haqida xabar berilgan edi.

Shavkat Mirziyoyev 2019-yil sentabrda Toshkentda ishga tushgan Prezident maktabida o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekistonda uchinchi Renessans davri boshlanayotgani haqida birinchi marta fikr bildirgan edi. 2020-yil avgustida, Toshkentda yer usti halqa metro yo‘lining birinchi navbati ochilishida Prezident O‘zbekiston uchinchi Renessans davriga tayyorlanayotganini, Mustaqillik bayramida esa mamlakatda uchinchi Renessans davriga poydevor qo‘yilayotganini ta’kidlagan edi. Keyinroq davlat rahbari geologiya sohasi uchinchi Renessansning poydevorlaridan biri ekanini ma’lum qildi.