“Yagona umumrespublika protsessing markazi” MChJ (Uzcard) bosh direktori lavozimiga Farrux G‘olibsherovich Ziyayev tayinlandi. Bu haqda Yuridik shaxslar to‘g‘risidagi ochiq ma’lumotlar portaliga tayanib, “Bankers.uz” Telegram-kanali xabar berdi.

Farrux Ziyayev

Foto: YouTube

Ma’lum qilinishicha, Farrux Ziyayev shu kungacha Uzcard bosh direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Farrux Ziyayev ko‘pchilik uchun tanish bo‘lgan Payme to‘lov tizimi asoschilaridan biri hisoblanib, mazkur to‘lov tizimi qarashli bo‘lgan kompaniya — “Inspired” MChJning 7,5 foizlik ulushiga ham egalik qiladi.

Uzcard’ning 2020-yil avgust oyida tayinlangan bosh direktori Dilshod Ikromovning qaysi ishga o‘tganligi, xususan, jamiyat rahbariyati tarkibida qolgan yoki qolmaganligi to‘g‘risida ma’lumot berilmagan.

Ma’lumot uchun, 2020-yilning may oyida Oybek Tursunov Uzcard’ning ustav jamg‘armasidagi 75 foiz ulush egasiga aylangani, qolgan 25 foiz ulush esa Uzcard hisobida qolgani haqida xabar berilgan edi. 8-avgust holatiga ko‘ra, kompaniyaning 51 foizi O‘zbekiston Milliy bankiga, 6 foizi “Sanoatqurilishbank”ga, 6 foizi “Asaka” bankiga, 6 foizi “Ipoteka bank”ga va yana 6 foizi “Aloqabank”ga tegishli.