COVID-19 koronavirusiga qarshi vaksina paydo bo‘lganidan keyin aholining kambag‘al qatlamlari bu dorini qo‘lga kirita olmasligi xavfi tug‘ildi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreyesus Jenevadagi onlayn brifing chog‘ida aytib o‘tdi, deb yozadi “RBK”.

Tedros Gebreyesus

Foto: AP Photo

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda eng nochor va zaif odamlar “vaksina ketidan quvish chog‘ida oyoqosti qilinishi”ning katta xavfi mavjud. Gebreyesusning fikricha, barcha davlatlar hukumatlari vaksinani o‘z fuqarolari orasida odilona taqsimlashi kerak.

JSST rahbari COVID-19’ga qarshi vaksinalar, testlar va davolash vositalaridan umumfoydalanish imkoniyatini ta’minlashga qaratilgan ACT-Accelerator xalqaro tashabbusi vazifalarini amalga oshirish uchun zudlik bilan 4,3 milliard dollar topish kerakligini ta’kidladi.

Avvalroq Gebreyesus COVID-19 bilan bog‘liq joriy vaziyatni pandemiyaning boshi bilan taqqoslagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir oyda dunyo bo‘yicha aniqlangan kasallanish holatlari pandemiyaning ilk olti oyi davomida aniqlangandan ko‘ra ko‘proqdir.

Shuningdek, Gebreyesus koronavirus pandemiyasi bilan kurashish uchun faqatgina vaksinalar yetarli emasligini aytgan edi. Uning fikricha, koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish uchun boshqa choralarni davom ettirish kerak: ular orasida test o‘tkazish, kasallanganlar bilan aloqada bo‘lganlarni izolyatsiya qilish, shuningdek, aholini COVID-19 xavfliligi to‘g‘risida xabardor qilish.

Koronavirusga qarshi vaksinalar AQSh, Xitoy, Fransiya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarilmoqda. Rossiyada koronavirusga qarshi ikkita vaksina ro‘yxatdan o‘tkazilgan — Gamaleya markazi tomonidan yaratilgan “Sputnik V” vaksinasi va Novosibirskdagi “Vektor” markazi tomonidan yaratilgan “EpiVakKorona” vaksinasi.