Sirdaryo tumaniga yangi hokim tayinlandi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

25-noyabr kuni viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev ishtirok etgan xalq deputatlari Sayxunobod tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazilib, unda tashkiliy masala ko‘rib chiqilgan.

Sessiya qaroriga asosan Sirdaryo tumani hokimi Alijon Muhammadiyev egallab turgan lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga Botirjon Mirzaqulov tayinlandi.

Botirjon Mirzaqulov 1970-yilning 23-fevralida Sirdaryo tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Guliston davlat universitetini tamomlagan. 2018-yildan shu kunga qadar Sayxunobod tuman hokimi lavozimida ishlab kelgan.

Sirdaryo viloyati IIB boshlig‘ining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan podpolkovnik Farrux O‘ktamjonov Botirjon Mirzaqulovning o‘rniga Sayxunobod tumani hokimi etib tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 24-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ish o‘rinlari tashkil etish, tadbirkorlar muammolarini hal qilish va ularni qo‘llab-quvvatlash borasida o‘zibilarchilikka yo‘l qo‘ygan Buxoro, Jondor va Sirdaryo tuman hokimlarini lavozimidan ozod etish masalasini qo‘ygandi.

Avvalroq Sirdaryoning Mirazaobod tumaniga Jonibek Yariyev hokim etib tayinlangani, Samarqand viloyatining Narpay tumani hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib Sherzod Rahmonov nomzodi tasdiqlangani, Kattaqo‘rg‘on tumaniga 25 kun ichida ikkinchi marta vaqtinchalik hokim tayinlangani haqida xabar berilgan edi.