Xonanda Jahongir Otajonov “O‘ynasin” klipini suratga olgan rejissor Habibullo Nabiyevni ko‘chirmakashlikda aybladi. Uning ta’kidlashicha, 20-noyabr kuni YouTube’da premyera qilingan ushbu klipning ayrim sahnalari ukrainalik xonanda Maks Barskixning “Sohillar” (“Berega”) klipidan ko‘chirilgan.

“Habibullo ukam, isming chiroyli, muomalang chiroyli, kulib turasan, bizga o‘xshab birovga to‘g‘ridan to‘g‘ri gapirmaysan, lekin bunaqa yolg‘onchi bo‘lib turib, bitta san’atkordan shuncha ming dollarlab olib, bitta san’atkorning klipidan shunaqa darajada ko‘chirib, sahnalarini o‘g‘irlab, yana uyalmasdan, ‘Ukam qachon bu tayyor bo‘ladi, aytgan kuningga bo‘lmayapti’, deganimda, ‘Fantaziyalarimni kutdim, sizga zo‘r bo‘lsin, deb cho‘zilib ketdi’, deb aldaganingdan, bunaqa qilib aldab klip olib, non yeganingdan tezak yeganing yaxshi, ukam. Xalqning oldida yuzingga aytyapman. Uyal, ukam, mayli o‘zingni vijdoningga, lekin men iltimos qilaman, biz bilan hamkorlik qiladigan Nevo kanalidagilardan, klipni o‘chirib yuborganilar yaxshi, o‘chirvorilar, iltimos. Uni odamlar ko‘rib, ‘prosmotr’idan non yeganimdan men ham tezak yeganim yaxshi, mayli o‘sha ketgan pulim ketvursin, lekin o‘sha klipni men qo‘yishga uyalaman. Maks Barskix degan san’atkor bor ekan. Men Alloh haqqi, qiyomat haqqi, bunaqa san’atkor borligini bilmasdim. Aziz muxlislar, men sizlardan kechirim so‘rayman, klip chiqarib ko‘rsatganimga. Bu narsa uchun 9 oy kutib, ijod bir tiyin bo‘lishini bilganimda bu ishni senga buyurmagan bo‘lardim. Habi, senga rahmat, to‘g‘risi kutmagandim, Alloh hisob-kitobini qilar”, — deydi Jahongir Otajonov o‘z videomurojaatida.

Ushbu murojaat e’lon qilinganidan so‘ng xonandaning rasmiy YouTube kanalidan “O‘ynasin” klipi o‘chirib tashlandi.

“O‘ynasin” klipidagi Jahongir Otajonovning kulrang libosdagi obrazi, shu rangdagi yaltiroq sahna hamda otli attraksiondagi sahnalar haqiqatdan ham Maks Barskixning “Sohillar” klipidagi sahnalar bilan bir xil.

Bundan tashqari, internet foydalanuvchilari “O‘ynasin” qo‘shig‘i so‘zlari Ahror Usmonovning shu nomli qo‘shigidan ko‘chirilganini ham yozib qoldirmoqda.