O‘zbekistonning jami davlat qarzi 2021-yil yakunida 28,4 milliard dollarga (YaIMga nisbatan 44,9 foiz) yetishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan “2021-yilgi fuqarolar uchun budjet” loyihasida so‘z boradi.

Skrinshot: Moliya vazirligi

Davlat tashqi qarzi 2021-yil yakuniga qadar 25,5 milliard AQSh dollari hisobida prognoz qilinmoqda, shundan 18 milliard dollari O‘zbekiston nomidan (hukumat) va 7,5 milliard dollari O‘zbekiston kafolati ostida jalb qilingan.

Skrinshot: Moliya vazirligi

Moliya vazirligining hisoblashicha, o‘sish dinamikasiga qaramay, davlat qarzi o‘rtacha darajada, makroiqtisodiy baqarorlik uchun xavfsiz darajada (60 foiz atrofida) saqlanib qolmoqda.

2020-yilda davlat qarzining o‘sishi (kutilgan 22,8 milliard dollarga yoki YaIMning 39 foizi) koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlarini bartaraf etish uchun qo‘shimcha budjet xarajatlarini moliyalashtirish uchun jalb etilgan. Ushbu maqsadlar yo‘lida Xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari hisobidan Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etildi.

Skrinshot: Moliya vazirligi

2020-yildan boshlab tashqi qarzlarni O‘zbekiston nomidan va O‘zbekiston kafolati ostida jalb qilinishiga cheklovlar kiritildi. Tashqi qarzlarni O‘zbekiston nomidan va O‘zbekiston kafolati ostida jalb qilinishi bo‘yicha yangidan imzolanayotgan kelishuvlar umumiy summasining chegaraviy hajmi 4 milliard AQSh dollari miqdorida etib belgilandi. Biroq koronavirus pandemiyasi sharoitida hukumat tomonidan tashqi qarzning chegaraviy miqdori qayta ko‘rib chiqilishi zarur bo‘ldi. 2020-yilda tashqi qarzni jalb qilish bo‘yicha yangidan imzolanayotgan kelishuvlar hajmi 5,5 milliard dollar, 2021-yilda 5 milliard dollar hisobida bo‘lishi loyiha qilindi.

Skrinshot: Moliya vazirligi

Davlat qarzini o‘z vaqtida va to‘liq qaytarilishini ta’minlash uchun Moliya vazirligi G‘aznachiligi huzurida Davlat qarziga xizmat ko‘rsatish uchun kafolat jamg‘armasi tashkil etilgan.