Pro-Liga 20-turi doirasida kechgan “Neftchi”—“Turon” uchrashuvidan (0:1) keyin katta tartibsizlik yuzaga keldi.

Foto: “Championat.asia”

O‘yin tugagach “Neftchi” futbolchilari uchrashuv bosh hakami Shavkat Nasibullayev va uning yordamchilariga o‘z noroziligini keskin tarzda bildirdi. Avvaliga huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari futbolchilarni tinchlanishga chaqirdi, biroq vaziyatga tribunadan maydonga tushib kelgan muxlislar aralashdi.

Vaziyatlarning birida “Neftchi” futbolchisi yugurib kelgan holda bosh hakamga oyoq bilan zarba berdi. Oxir-oqibat hakamlar maydondan qochib chiqib ketishga majbur bo‘ldi.

Ta’kidlash joiz, o‘yin yakunlanishi arafasida “Turon” darvozasi tomon berilgan zarbadan keyin to‘p mehmonlar himoyachisining bilagiga tegib qaytdi. Bu vaziyat uchun penalti berilmagani maydon egalarini junbishga keltirdi.

Uchrashuvda Shavkat Nasibullayevga qanotlarda Rishat Nugmanov va Doniyor Saylavov yordam berdi.

Bu holat bo‘yicha PFL hozircha rasmiy sharh bermadi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuvni PFL rahbariyati bilan bir qatorda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov ham stadiondan to‘g‘ridan to‘g‘ri ravishda kuzatib borgan.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!