O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nilufar Saidovani o‘rta yosh vakillari yaxshi eslaydi. Uning “Haylalo”, “Turnalar” va “Qarashlar” kabi qo‘shiqlari o‘z davrining eng xit taronalari bo‘lgandi. So‘nggi yillarda xonanda san’atdan uzoqlashdi. Jurnalist Nargiza Murodova xonanda bilan suhbatlashib, uning hozir qanday ishlar bilan bandligiga qiziqdi.

Foto: Nilufar Saidovaning shaxsiy arxividan

“Mashhurlikka intilmaganman”

Men mashhurlikka intilmaganman, shunchaki san’at ichida yashashni orzu qilganman, holos. Muhimi, qo‘shiqlarim tarixda qoldi va o‘z tinglovchisini topdi. Yaqinda bir san’atkor bilan dardlashib qoldik. Uning “Bitta bo‘lsa ham qo‘shig‘im odamlarning yodida qolsaydi”, degan gapi meni o‘ylantirib qo‘ydi. Oxirgi 7-8 yilni tahlil qiladigan bo‘lsak, birorta klip suratga olmadim. Ularning kuniga o‘n marta televizorda “aylantirmadim”. Shunday bo‘lsa-da, odamlar hamon meni unitishgani yo‘q.

“San’atni tanlab, oiladan voz kechganlar afsuslanadi”

Yo‘q, san’atga ham oddiy kasb. O‘qituvchiga kasbingiz uchun oilangizdan voz kechasizmi, deb savol berilmaganidek, san’at uchun ham nimanidir qurbon qilish mantiqdan emas. Tasavvur qiling, o‘ng oyog‘ingizda qadam tashlab, chapini ko‘tarib turib bo‘lmaydi-ku. Ikkisini oldinma-ketin harakatlantirish mumkin. San’atni tanlab oilani bir chetga surgan insonlar kun kelib qattiq afsuslanadi.

Foto: Nilufar Saidovaning shaxsiy arxividan

“ ‘Nega turmush o‘rtog‘ingiz bilan ajrashgansiz?’, degan savoldan charchaganman”

“Nega turmush o‘rtog‘ingiz bilan ajrashgansiz? O‘g‘lingizning otasi kim?” degan savollarni haligacha eshitaman. Har kimga o‘z dardi ayon, o‘zgalarga aytib bo‘lmaydigan gaplar ham ko‘p. Shukrki, ikki qizim bilan ajrashgach, 2008-yilda solih inson bilan oila qurganman. Hayot menga yana bir bor ona bo‘lish baxtini musharraf etib, o‘g‘lim Muhammadyusuf tug‘ildi. Keyin oxirgi paytlarda “Qayerga yo‘q bo‘lib ketdingiz?” degan savoldan ham charchadim. Yaratgan yo‘q bo‘lishdan asrasin!

“Oxirgi yillarda boshimga katta sinov tushdi”

Xalqdan yashirib nima qildim. Oxirgi yillarda boshimga katta sinov tushdi. Bu payt ichida bolalarim ulg‘ayib qolishdi. Qizlarimning ikkisi ham san’atga mehr qo‘ygan. Ammo uni tanlashni istashmadi. Katta qizim Farina dizayner-rassomchilik sohasini tanladi. Kichik qizim esa xorij tillarini o‘rganayapti. Ular san’atni tanlasa qarshilik qilmasdim, xuddi ota-onam meni qo‘llab-quvvatlashganidek yo‘l tutardim. Ammo o‘zi istamagach, ularni qiynamadim. O‘g‘lim Muhammadyusuf arxitektor bo‘lishni orzu qiladi.

Foto: Nilufar Saidovaning shaxsiy arxividan

“Duch kelgan odam bilan sirlashishni yoqtirmayman”

Yo‘q, aslida sirli bo‘lishga intilmayman. Shunchaki, dardimni doston qilishni, duch kelgan odam bilan sirlashishni yoqtirmayman. Hozirgi kunda ayollar orasida dardini ijtimoiy tarmoqlarda ham doston qilish urfga aylangan. Men esa oilada unday tarbiya olmaganman. Onam rahmatli dardingni keng dalaga chiqib ayt, u sir saqlashni biladi, derdilar.

“Bunday keyin hayotim yorqin ranglarga boy bo‘ladi”

Nasib qilsa, bunday keyin hayotim yorqin ranglarga boy bo‘ladi. Tarixga nazar solsam, juda ko‘plab san’atkorlar turli sinovlarni boshdan kechirishgan ekan. Ishonchim komilki, bu sinovlar ko‘pdan-ko‘p siylovlarning debochasi bo‘ladi.

Nilufar Saidova ijrosidagi “Turnalar” qo‘shig‘i:

Eslatib o‘tamiz, xonanda 1977-yili Toshkent viloyatining Bo‘stonlik tumanida tavallud topgan. 1995-yili Toshkent davlat san’at institutiga o‘qishga kirib, mustaqil ijodini boshlaydi. 2000-yil “Nihol” nomidagi davlat mukofoti, 2001-yili esa O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonlari bilan taqdirlangan. 2004-yilda esa “Do‘stlik” ordeniga loyiq ko‘rilgan.