“Daryo” ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega, biroq jamoatchilik e’tiboridan ko‘pincha chetda qolayotgan kasb egalari bilan suhbat qilmoqda. “Soyadagi odamlar” loyihasining bu galgi qahramoni – besh yildan buyon ayollar go‘zallik salonida stilistlik qilib kelayotgan yigit.

Suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra, uning ism-sharifi hamda shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar o‘zgartirildi.

Din taraflama qaraganda ayollar bilan ishlash xato

Besh yil oldin ilk mijozimni qabul qilganman. O‘shanda 17 yoshda edim. Ochig‘ini aytsam, bolaligimda hech qachon kelajakda stilist bo‘laman deb niyat qilmaganman. Doimo davlat ishida ishlagan odamlarga havas qilardim. Katta bo‘lsam, bank xodimi yoki styuard bo‘laman deb o‘ylardim. Ammo vaqt o‘tib, sartaroshlikka qiziqa boshladim. Balki, bobom sartarosh bo‘lgani, qonimda bu kasbga moyillik borligi uchunmi, bilmadim, stilist bo‘lishni xohladim.

Foto: Shutterstock

Boshida soch kesishni mahallamizdagi oddiy sartaroshxonada o‘rganganman. Keyinroq o‘zimizdagi boshqa stilistlarda malaka oshirdim. Moskvada ham tahsil oldim.

Dastlab faoliyatimni erkaklar sartaroshligidan boshladim. So‘nggi ikki yilda ayollar soch turmagi bo‘yicha ham ishlay boshladim. Lekin uyimdagilar bunga qarshi. Ularga salonda ishlashimni aytmaganman. Onam biladi, lekin dadam... Din taraflama qaraganda, ayollar bilan ishlash xato. Dinimizda mahram, nomahram degan tushunchalar bor. Dadamlar dindor insonlar. Shuning uchun ularga bildirmayman.

Boshqa tarafdan olib qaraganda, bitta tirraqi buzoq butun podani buzadi degan gap bor. Mana shunday tirraqi buzoqlar bizning kasbga yaqinroq. Shuning uchun ham jamiyat stilist yigitlarni qabul qilishi qiyin. Hamma har xil tushunadi. Ko‘cha-ko‘yda hech kimga salonda ishlashimni aytmayman. Hatto qo‘shnilarim, qarindoshlarim ham bilmaydi. Qayerda ishlaysiz deb so‘rashsa, o‘qiyman deb qo‘yaveraman.

Nima uchun ayollar erkak stilistlarni tanlaydi?

Menimcha, bu psixologiya. Masalan, men ham ayol kishiga soch oldirgim keladi. Yomon olsa ham uni tanlayman. Ayol kishida ham xuddi shunday bo‘lsa kerak.

Shuningdek, ko‘p xotin-qizlar erkak stilist sochni zo‘r kesadi deb o‘ylaydi. Haqiqatan ham shunday. Chunki ayol kishi o‘z jinsdoshini avaylab ishlamaydi. Sochini qattiq tortib, turmak qilishi mumkin. Pulini olib chiqarvorsam bo‘ldi deydi. Erkak kishi esa ertaga turmak qilishiga ham oson bo‘lsin, yig‘ib ketganda ham chiroyli tursin deb har taraflama o‘ylab soch kesadi. Ayol kishi esa aksincha. Xullas, ishini yaxshi bajargani uchun ham ko‘proq ayollar erkak stilistlarni tanlaydi.

Bilasizmi, hatto o‘rangan ayollar ham qabulimga yoziladi. Boshqa qizlarga qaraganda, o‘rangan “kliyent”larim ko‘p. Olmayman desam ham iltimos qilib turib olishadi. Keyin majbur olaman.

Foto: “Daryo”

Faoliyat va daromad

Hozir kompaniyada kichik texnologman. Asosan soch bo‘yash bilan shug‘ullanamiz. Xorijdan kelayotgan mahsulotlarni sinovdan o‘tkazamiz. Bo‘yoqlar qanday texnika bilan bo‘yalishi qaysi gradusda bo‘lishini o‘rganamiz.

Bundan tashqari, aytganimdek, ayol mijozlarning sochini kesaman, turli foydali muolajalar qilaman.

Topadigan daromadimga kelsak, praysni salon rahbari belgilab beradi. Misol uchun, 600 ming so‘mlik soch bo‘yasam, pul kassaga topshiriladi. Kassadan soch bo‘yog‘i va ketgan mahsulotlar narxi chiqarib tashlanib, qolganini ikkiga bo‘lib beriladi. Soch kesishda esa 50/50. 100 mingga soch kessam, 50 mingi menga qoladi.

Odatda topayotgan pulimni hisob-kitob qilmayman. O‘z ehtiyojlarimni bemalol qoplaydi. Yeb-ichishim va xarajatimni hisoblamaganda bir oylik daromadim 10 milliondan oshsa kerak.

Artistlardan ko‘ra oddiy xalq bilan ishlagan yaxshiroq

Faoliyati davomida turli fe’l-atvorli insonlarni ko‘rdim. Ular bilan muloqot qilishni, fe’liga moslashishni o‘rgandim. Avvallari juda qaysar edim, doim gapimni o‘tkazishga harakat qilardim. Hozir esa ancha bosilib, insonlarni tushunishni o‘rgandim.

Bu kasb orqali tanilasiz, dunyo ko‘rasiz. Ko‘p mashhurlar qabulingizga keladi, tanishasiz. Ammo men  san’atkorlardan ko‘ra tinchgina oddiy xalq bilan ishlashni xohlayman. To‘g‘ri, san’atkor kelib, sizni maqtasa, mijozlaringiz ko‘p bo‘ladi deyishingiz mumkin. Lekin men uchun xonandalarning reklamasidan ko‘ra oddiy xalqning maqtovi muhimroq.

Foto: Google Images

Kasbimning qiyinchiligi esa mijozlar bilan ishlash. Bir qaysari keladi, bir yaxshisi. Lekin mijoz hamisha haq. Gohida ba’zilarining fe’lini ko‘tarish qiyin bo‘ladi.

Bir marta bolakayning sochini turmak qilganim onasiga yoqmagan. Janjal-to‘polon qilgan. Lekin undan keyin mijozlar bilan kelishmovchilik bo‘lmadi. Iloji boricha kelishishga harakat qilaman.

Yana meni eng xafa qiladigani Instagram’dagi sahifamga qo‘pol izohlar yozishadi. Rasmga, tashqi ko‘rinishga qarab baho bermaslik kerak. Ammo hayotda yomon munosabatlarni ko‘rmadim. Balki, stilistligimni ko‘chada hech kimga aytmayotganim uchundir, bilmayman.

Viloyatdagi masterlar

Viloyatlarda stilist yigitlarni qabul qilishmaydi. To‘g‘ri, buning ham o‘ziga yarasha sabablari bor. Afsuski, aksariyat odamlar ularning hisobiga boshqalarni ham yomon deb o‘ylaydi. Axir besh qo‘l barobar emas. Salonda ishlaydi degani yomon odam degani emas-ku. Birovning cho‘ntagidan urib yoki o‘g‘irlab olgani yo‘q. Ular ham halol mehnati orqali ishlab topyapti.

Biroq viloyatlarda stilistlarga to‘g‘ri munosabat bo‘lmagani tufayli ko‘p masterlar Toshkentda ishlaydi. Chunki bu yerdagi muhit viloyatdagidan ancha farqli. Birovning birov bilan ishi yo‘q.

Foto: Google Images

Hech kimga taqlid qilmayman

Feridun Burhonov, Farrux Shomurodov degan masterlarga juda havas qilaman. Farrux Shomurodov Nyu-Yorkda yashaydi. Dunyo bo‘ylab, seminarlar o‘tib yuradi. Soch kesadi, lekin mijoz qabul qilmaydi. Asosiy daromadi shu seminarlardan. Masalan, bitta seminarida qatnashish 2500 dollar bo‘lsa, o‘nta odam kelganda ham yaxshigina summa yig‘iladi. Yashash uchun shu pulning o‘zi yetadi deb o‘ylayman.

Ochig‘ini aytsam, boshqalar kabi mashina, uy-joyga qiziqmayman. Feridun Burhonov, Farrux Shomurodovlarga o‘xshab o‘z ishini ustasi, mashhur stilist bo‘lishni istayman.

Zo‘r stilist bo‘lish uchun qancha vaqt kerak?

Bir yilda zo‘r master bo‘lish mumkin. O‘zining qiziqishi bo‘lsa, olti oy ham yetadi, albatta. Masalan, men o‘rganishni boshlaganimning uchinchi haftasidayoq mijoz qabul qilishni boshlaganman. To‘g‘risi, ayollar soch turmagi bo‘yicha ustoz ham ko‘rmaganman. Salonda ishlayotgan paytim stilistlarga ko‘z tashlab, o‘rganib olganman.

Hozir beshta shogirdim bor. Eng dangasa shogirdim to‘rt oy ichida o‘rganib ketdi. Boshqalari ikki oyda o‘rganib, allaqachon mijoz qabul qilishni boshlagan.

Ayollar turmaklari bo‘yicha faqat bitta qiz shogird oldim. Aslida qizlarni shogirdlikka olmaslikka harakat qilaman. Sababi qizlar yigitlarga nisbatan e’tiborsiz, dangasa bo‘ladi. O‘rgatganlaringizni tez ilg‘ab olmaydi. Keladi, oynaga qaraydi, tez qorni ochib qoladi yoki ko‘chaga chiqib, ancha payt yo‘q bo‘lib ketadi. Shunchaki kelib-ketish bilan kuni o‘taveradi.

Foto: Google Images

Sartarosh ayollar haqida

Erkaklarning sochini turmaklaydigan ayollar ham bor. Lekin men ularni professional deb o‘ylamayman. Chunki ayol masterlar hech qachon yaxshi turmak qilolmaydi. O‘g‘il bola master erkak kishining bosh formasini, nuqtalarini va unga qanday uslub yarashishini boshini ushlab bilib oladi. Ayol kishi esa unga e’tibor bermaydi. O‘zi bilganidan kesib qo‘yaveradi.

Makiyaj qilishda ham o‘g‘il bolalar didliroq. Qancha taniqli ayol masterni ko‘rganman, aksariyat ishi bir xil. Qovoq yopishtiradi, labi ingichka bo‘lsa, qalin qilib bo‘yab qo‘yaveradi. Hammaga bir xil yondashaveradi. Mijozga yarashadimi, yo‘qmi, ahamiyatsiz. To‘g‘ri, bunday holatlar bizda ham uchrab turadi. Baribir erkak masterlarda esa xilma-xillikni ko‘rish mumkin. Ular ayollardan ko‘ra qobiliyatliroq bo‘ladi. Ko‘chada mashina haydashda ham bilasiz-ku.

Nega unda erkaklar ayol sartaroshlarga boradi, deyishingiz mumkin. Sababi oddiy erkak ayol kishini qo‘li tegsin, boshimni yuvib qo‘ysin degan niyatda boradi.

Hech qachon mijoz tanlamayman

Odamlar bilan ishlayverib, psixolog bo‘lib qolarkansiz. Eshikdan odam o‘z narxi bilan kirib keladi. Bir xillar qiynalgan, bir xillari boy. Bir-birini qoplab ketadi. Vaqti keladi, tekinga yoki 10 ming so‘mga ham sochini kesib qo‘yaman. O‘sha bergan 10 ming so‘m puli ham biror ehtiyojingizni qondiradi. Eng muhimi, qo‘limdan kelgancha xafa qilmasdan chiqarib yuborishga harakat qilganman.

Foto: “Daryo”

Yaqinda bir voqea bo‘ldi. Salonda o‘tirsam, oddiy kiyingan bir qiz kirib keldi. Narx-navoni so‘ramadi ham. Sochini kesdim, bo‘yadim, turmakladim. Oxirida qancha bo‘ldi deb so‘radi. Puli yo‘q bo‘lsa, qimmat aytib qo‘ysam nima bo‘ladi deb o‘ylab, ko‘nglingizdan chiqarib beravering dedim. Sumkasidan 100 dollar chiqarib berdi. Ko‘p beryapsiz desam, olib qo‘ying deb chiqib ketdi.

Ish davomida ikki marta shunday holat bo‘lgan. Tushundimki, odam ajratmasdan inson ko‘p narsaga erishsa bo‘lar ekan.

Foto: Google Images

Afsuski, 90 foiz master mijozning oyoq kiyimiga, sumkasiga, sepgan atiriga, mingan mashinasi-yu taqqan tillasiga qarab muomala qiladi. Biroq menga pul yoki mijoz emas, salonga kirgan odamning xursand bo‘lib chiqib ketishi muhim. Boymi, kambag‘almi, hammaga birday salomimni beraman, kulib turaman.

Yordam so‘rashsa, rad etmayman. Chunki bu qaytar dunyo. Balki, kuni kelib u insonning o‘rniga men tushishim, kimningdir yordamiga muhtoj bo‘lib qolishim mumkin. Bu hayot. Ertaga nima bo‘ladi, hech kim bilmaydi. Insonning bugungi holati bilan hisoblashmaslik kerak.

Juda charchagan bo‘lsam ham, yuziga kulib gapiraman. Aldab-suldab bo‘lsa ham yaxshi gap bilan chiqarib yuboraman. Ba’zi bir masterlarga o‘xshab ensamni qotirib, xuddi menga yalinib o‘tirishganday ish qilmayman.

Bu sohada qo‘lingizga tez pul tushadi. Ko‘pchilik bir-ikki mijoz ko‘rgandan keyin kibrlanib ketadi. O‘zicha yulduz bo‘lib oladi. Pul keladi, ketadi. Muomalani birinchi o‘ringa qo‘yish kerak.

Foto: Google Images

Kelajakda stilistlik xobbi bo‘lib qoladi

Kasbim qandaydir munosabatlarda rol o‘ynamagan. Qaytaga tanishgan qizlarimga stilistligimni aytsam, juda xursand bo‘lishadi.

Oilaga keladigan bo‘lsak, ertaga ayolim rashk qilgani bilan bu hunarimni tashlamayman. Ammo sovchilikka borganda salonda ishlaydi desa, hamma har xil tushunishi mumkin. Shuning uchun o‘qishni bitirib, biror davlat tashkilotiga ishga kiraman. Bu kasb esa xobbi bo‘lib qoladi.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi