Bahrayn Pfizer va BioNTech kompaniyalari tomonidan yaratilgan koronavirusga qarshi vaksinadan favqulodda foydalanishga ruxsat bergan dunyodagi ikkinchi davlatga aylandi, deb xabar beradi “Interfaks”.

Foto: SharesPro

“Pfizer/BioNTech vaksinasining ma’qullanishi podshohlik tomonidan pandemiya davrida mamlakatdagi barcha aholining sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha qabul qilingan koronavirusga qarshi kurash choralariga muhim qo‘shimcha hisoblanadi”, — deydi Bahrayn Sog‘liqni saqlash milliy xizmati rahbari Maryam al-Jalahma.

Pfizer kompaniyasning Fors ko‘rfazidagi bo‘linmasi rahbari Lindsi Dietchi Bahraynning ushbu qarorini “COVID-19’ga qarshi kurashdagi tarixiy hodisa” deb atagan.

Bahraynda pandemiya boshlanganidan buyon 87 mingdan ortiq odam koronavirusga chalingan bo‘lib, ularning 85 mingdan ortig‘i sog‘aygan, bemorlarning 341 nafari vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, 2-dekabr kuni Buyuk Britaniya dunyoda birinchi bo‘lib Pfizer’ning koronavirusga qarshi vaksinasidan foydalanishni ma’qullagan. Shuningdek, Pfizer va BioNTech vaksinani AQShda hamda Yevroittifoqda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza bergan.

Avvalroq Pfizer va BioNTech o‘zining BNT1622b vaksinasi tadqiqotlarning uchinchi bosqichi yakunlari bo‘yicha 95 foiz samaradorlik ko‘rsatganini ma’lum qilgandi. Taqqoslash uchun: Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi samaradorligi o‘z ishlab chiquvchilari tomonidan 92 foizga, Amerika Moderna kompaniyasi vaksinasi — 94,1 foizga, AstraZeneca kompaniyasi vaksinasi — 70 foizga baholangan.