Avvaliga tadqiqotchilar unchalik e’tibor qaratmagan holat endilikda COVID-19’ning eng asosiy simptomi sifatida qaralmoqda. Bu anosmiya — hid bilish qobiliyatining yo‘qolishi. “Daryo” shu haqdagi The Guardian nashri e’lon qilgan maqolani tarjima tariqasida taqdim etadi.

Yetti yil avval rinolog jarroh Piter Endryus o‘z karyerasida burilish yasagan jarrohlik amaliyotini bajargan edi. U bir necha o‘n yillar avval kriket to‘pi zarbasidan keyin burni singan bemorni operatsiya qilgandi. Operatsiya nozik bo‘lgan: unda ikkala burun teshigini ajratib turuvchi yupqa tog‘ay devoridagi singan joy to‘g‘irlangan va shu orqali oxirgi paytlarda nafas olishga qiynalgan bu bemorga yengillik bag‘ishlagan edi.

Foto: James Melaugh

Lekin operatsiya kutilmagan natijani berdi. Bemor nafaqat yengil nafas ola boshladi, balki 40 yildan buyon birinchi marta hid seza boshladi. Bu esa tibbiyot mutaxassislariga odamning hid bilish sezgisini tushunishda va uning regeneratsiyalanish xususiyatini anglashda yangi istiqbollarni ochib berdi.

Hid bilish sezgisi aslida murakkab nevrologik jarayondir. Burun bo‘shlig‘ida joylashgan va hid neyronlari deb ataladigan maxsus nerv hujayralari havodagi molekulalarni, masalan, atirni yoki yonayotgan narsaning tutunini aniqlaydi. Keyin esa ushbu axborot uzun asab tolalari orqali bosh miyaning tegishli qismiga uzatiladi.

Ushbu tarmoq butun markaziy asab tizimidagi eng moslashuvchan tarmoqlardan biri sanaladi. Ishchanlikni saqlab qolish uchun bu tarmoq har olti haftada eski hid sezgi neyronlarini yo‘q qilib, o‘rniga yangilarini hosil qilish orqali to‘liq regeneratsiyalanib turadi. “Shuning o‘zi aslida qahramonlikdir, chunki tiklangandan keyin ushbu neyronlar miyaga qaytadan bog‘lanishi kerak”, — deydi Endryus.

Lekin ba’zan regeneratsiyalanishni qiyinlashtiradigan narsalar uchrab turadi. Hid bilish sezgisining yo‘qolishi anosmiya degan tibbiyot termini orqali ifodalanadi va umumiy aholi sonidan taxminan besh foizi vaqtinchalik yoki doimiy anosmiyadan qiynaladi, deb baholandi. Anosmiya — qarish jarayonining bir qismi sifatida ham yuzaga chiqishi mumkin, bundan tashqari, istalgan yosh toifasidagi shaxslarda ham burun sinishidan boshlab, virusli infeksiyalargacha bo‘lgan turli omillar sababidan yuzaga kelishi mumkin.

Endryus bajargan jarrohlikda operatsiya hid neyronlarining regeneratsiyalanishiga va markaziy asab tizimiga qaytadan bog‘lanishiga turtki berdi. Shu kabi jarrohlik aralashuvi orqali anosmiyaga yo‘liqqan ko‘p sonli odamlarda ham hid bilishning tiklanishiga erishish mumkinmi, degan savol bilan qiziqqan Endryus bu boradagi chuqur tadqiqotlarni boshlab yubordi. Lekin yaqin-yaqingacha uning sa’y-harakatlariga moliyalashtirishning cheklangani to‘sqinlik qilib turdi.

Buning sababi shundaki, hid sezgisining inson hayot tarziga katta ta’siri borligiga qaramay, tibbiyot hamjamiyati anosmiyaga unchalik jiddiy e’tibor qaratmaydi va mutaxassislar hid sezgisini “sezgilarning Zolushkasi” deyishadi. Hid sezgisi ko‘pincha ta’m bilish qobiliyati bilan ham bog‘liqligi sababidan anosmiyaga yo‘liqqan bemorlar ishtaha yo‘qolishi va ruhiy tushkunlikdan ham aziyat chekadi.

Foto: Google Photos

Hid sezish qobiliyatini yo‘qotgan odamlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuzilgan Britaniyaning AbScent nomli xayriya tashkiloti asoschisi Kris Kelli bu haqda “Hid sezmaslik kishilar hayotini o‘zgartirib yuborishi mumkin, chunki u o‘zini sezish qobiliyatining muhim bir qismidan mosuvo qiladi. Hid sezgisi bizning ijtimoiy aloqalarimizda chuqur o‘ringa ega, bu yo‘q bo‘lsa, olam ikki o‘lchamli bo‘lib qoladi”, — degan edi u.

Oxirgi sakkiz oy ichida anosmiya borasidagi an’anaviy tibbiy tushunchalar tamomila o‘zgardi. SARS-CoV-2 virusi hid sezgisini yo‘q qilishda mohir bo‘lib chiqdi va kishining hid sezmasligi bilan bog‘liq bo‘lgan og‘ir ahvoli birinchi marta diqqat markaziga ko‘chdi.

Pensilvaniya shtati universitetidagi sezgi hissiyoti markazi direktori Jon Xeysning ta’kidlashicha, COVID-19 bilan kasallangan bemorlarning 44 foizidan 47 foizigacha bo‘lgan qismida kasallikning avj pallasida hid bilishning butunlay yo‘qolishi kuzatildi. Ulardan aksariyati dastlabki ikki oy mobaynida to‘liq sog‘ayib ketdi. 100 nafar COVID-19 bemori bilan o‘tkazilgan bir tadqiqotda bemorlarning uchdan ikki qismida birinchi olti-sakkiz hafta ichida hid sezgisi o‘z me’yoriga qaytgani kuzatildi. Taxminlarga ko‘ra, baribir bemorlarning katta qismi keyingi bir necha oylardan so‘ng ham hid sezgisining qisman yoki butunlay yo‘qligidan aziyat chekmoqda ekan.

Filadelfiyadagi kimyoviy sezgilar markazi — Monell direktori o‘rinbosari Daniel Rid bu haqda “COVID-19 tufayli hid sezgisidan ayrilgan odamlarning yarmi ikki oydan keyin ham hali-hanuz bu borada muammolarga ega, ulardan 5—10 foizida esa qisman yoki butunlay hid sezmaslik bilan bog‘liq jiddiy asoratlar borligi hozirda bizga ma’lum”, deb qayd etdi.

Nega ayrimlar tuzalib ketyapti-yu, boshqalar esa yo‘q?

Apreldan buyon olimlar SARS-CoV-2 virusining nega bu qadar hid sezgisiga jiddiy ta’sir qilishini va nega ayrimlar boshqalardan ko‘ra bardoshliroqdek ko‘rinayotganini aniqlashga urinmoqda.

Aftidan, virus yuklamasi bu boradagi eng muhim omil bo‘lsa kerak va katta miqdordagi virus ta’siriga tushib qolish ehtimoli yuqori bo‘lgan sohalarda ishlaydigan odamlarda anosmiya uzoqroq davom etishi mumkin. Endryus yaqinda Londondagi va Italiyadagi tibbiyot muassasalarida COVID-19 bilan kasallangan 119 nafar tibbiyot xodimi orasida so‘rovnoma o‘tkazdi va aniqlanishicha, ulardan 70 foizida hid va ta’m sezgisi disfunksiyasi ro‘y berdi. Ulardan 60 foizi esa virus yuqqan dastlabki kundan 52 kun o‘tib ham hali-hanuz hid sezishdagi muammolardan aziyat chekdi va bu raqam aholi orasidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan balanddir.

Foto: Google Photos

Shamollashni keltirib chiqaradigan boshqa viruslar ham anosmiyaga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgani holda, COVID-19 anosmiyasi g‘ayrioddiydir. Chunki u burun oqishi singari yo‘ldosh hodisalarsiz, to‘satdan, birdaniga namoyon bo‘ladi.

“Bizda shamollash paytida yuzaga keladigan hid sezmaslik holati burun bitib qolishi sababidan yuzaga keladi va bunda hid tashiydigan faol molekulalar shunchaki burun bo‘shlig‘i yuzasiga yetib borolmay qoladi”, — dedi Xeys. “COVID-19 da esa nimadir boshqacharoq bo‘lyapti”, — deb qo‘shimcha qildi u.

Iyulda Garvard tibbiyot maktabi yetakchiligidagi xalqaro hamkorlikdagi ilmiy guruh bu boradagi savollarga dastlabki javoblarni topgan edi. SARS-CoV-2 virusi organizmga kirish uchun qo‘llaydigan kalit bo‘lmish ACE2 retseptorini hid neyronlarining o‘zi tomonidan ishlab chiqarilmasa-da, lekin u burun bo‘shlig‘ining yuqori qismidagi hujayralarda katta miqdorda mavjud bo‘lib, aynan ushbu hujayralar bizning hid sezgimizga o‘z ta’sirini o‘tkazadi va neyronlarning strukturaviy hamda metabolik ta’minotini yo‘lga qo‘yadi. SARS-CoV-2 ushbu hujayralarga tushgach, u yallig‘lanish keltirib chiqaradi va bizning hid sezish qobiliyatimizni izdan chiqaradi.

COVID-19 keltirib chiqarayotgan anosmiya shu bilan izohlanadi. Ko‘p odamlar uchun tiklanish jarayoni ushbu hujayralarning qayta jonlanishiga ketadigan vaqtga bog‘liq bo‘ladi. Lekin ba’zi hollarda yallig‘lanish shu qadar kuchliki, u nafaqat hujayralarni, balki yaqin neyronlarning o‘zini ham zararlaydi. Buni olimlar splash shikastlanish deb ataydi. Bunday bemorlarda tiklanish jarayoni sekinroq kechadi, chunki burun shilliq qavatidan keladigan ta’minot evaziga neyronlarning regeneratsiyalanishi uchun vaqt kerak bo‘ladi. Kam uchraydigan ba’zi hollarda esa hid neyronlari butunlay shikastlangan bo‘lishi mumkin, bu esa tiklanish ehtimoli juda kamligini bildiradi.

Davolanishga urinayotgan paytda parosmiya degan g‘alati holat kelib chiqishi mumkin. Bunda hid sezgisi qaytadi, lekin u juda tushunarsiz bo‘ladi. Facebook’dagi guruhlarning birida COVID-19’dan tuzalgan bemorlarning bir nechtasi avval o‘zi yoqtirgan mevalarning hidi endilikda irigan baliq hidiga yoki balchiqli zax xona hidiga o‘xshab tuyulayotganini yozdi. Kellining aytishicha, bu qiziq bo‘lib ko‘rinsa-da, aslida, u bemorlarda stress keltirib chiqaradi. Chunki odam o‘z turmush o‘rtog‘idan yoki oila a’zolaridan qo‘lansa hid kelayotgandek his qilishi mumkin. Olimlarning aytishicha, bu narsa regeneratsiya jarayonida bu neyronlarning miyaning boshqa joylari bilan bog‘lanib qolishi tufayli yuzaga kelishi mumkin ekan. Shunga qaramay, nega ayrim bemorlarda bu simptom boshqalardagidan ko‘ra ko‘proq namoyon bo‘layotganiga hozircha izoh yo‘q.

“Parosmiya bemor tuzalayotganidan darak bo‘ladi. Afsuski, muayyan darajadagi parosmiya bilan qolib ketadigan odamlar ham topiladi, ulardagi parosmiya darajasini aniqlash juda qiyin”, — deydi Reding oziq-ovqat va parhez universiteti kimyo fakulteti mutaxassisi Jeyn Parker. U hozirda koronavirusdan keyingi parosmiya holati bo‘yicha tadqiqot olib boryapti. “Biz boshqa infeksiyalardan keyingi parosmiya haqida bilamiz, lekin koronavirusdan keyingi parosmiya haqida hali gapirishga erta”, — dedi u.

Foto: Google Photos

Parosmiyani davolasa bo‘ladimi?

Ayrim odamlarga yordam beradigan davolash usullaridan biri hid sezgisini chiniqtirish mashqlaridir. Bunda to‘rt xil efir moylarini — atirgul, limon, chinnigul va evkaliptni faol hidlashni o‘z ichiga oladi. Ularni har kuni 20 soniya mobaynida hidlash kerak va bu burun fizioterapiyasining bir shakli sifatida ta’sir qiladi. Olimlar bu mashqlarning hid yo‘qotishning og‘ir shakliga yo‘liqqan bemorlar uchun foydasi bo‘lishiga ishonmayapti, lekin parosmiyada va qisman anosmiyada naf qilishi mumkin. Shunga qaramay, bu yetarlicha isbotlangan emas.

Florida universiteti hid va ta’m sezgisi markazi direktori Stiven Manger “Eng ishonchliroq isbotlashlarda ham qisman anosmiyada muayyan foyda berishi tasdiqlangan, xolos, degan bo‘lardim”, deb izoh berdi. “Bu mexanizmga bemorda saqlanib qolgan sezgini kuchaytirish orqali yo‘qotilgan sezgini tiklashga yordam berishi mumkin”, — degan u.

COVID-19 tufayli anosmiyaning keng tarqalishi ayrim tadqiqotlarni jonlantirdi va mutlaqo yangicha davolash usullarining ochilishiga olib keldi. Endryus COVID-19 tufayli hid sezgisini yo‘qotgan tibbiyot xodimlari burun hujayralaridan biopsiya olishga va ularni tadqiq qilishga ruxsat oldi. Bu orqali u zararlangan joyga yangi hujayralarni transplantatsiya qilish amaliyoti orqali neyronlar va markaziy asab tizimi orasidagi bog‘lamlarni tiklash imkoniyatini tekshirib ko‘rmoqchi.

Nyu-Yorkdagi Mount Sinai kasalxonasida esa Alfred Iloreta COVID-19 tufayli hid sezgisini yo‘qotgan bemorlar bilan baliq yog‘i shaklidagi omega-3 yog‘ kislotasini qo‘llash orqali klinik sinov-tajriba ishlarini olib bormoqda. U mazkur modda virusdan zararlangan burun hujayralarining va hid neyronlarining tiklanish jarayonini jadallashtiradi, deb hisoblaydi. Uning aytishicha, omega-3 qo‘shimchasi bunda ikki xil usul bilan yordam berishi mumkin: birinchisi, virusli infeksiya tufayli keltirilgan zararni tiklaydigan yo‘l bilan yallig‘lanishga qarshi ta’sir qilishi va ikkinchisi, omega-3 yog‘ kislotasining zararlangan hujayra va neyronlarga neyroprotektor va regenerativ ta’siriga asoslanadi.

Taklif qilingan bu kabi ko‘plab davolash usullarining samarasini hali vaqt ko‘rsatadi. Yaqin qisqa muddat uchun esa olimlar anosmiyani COVID-19’ga tashxis qo‘yishdagi qo‘shimcha alomat sifatida kengroq foydalanishga chaqirmoqda. Va bu narsa milliy test tizimlari va nazorat sistemalarida samaradorlik ortishiga yordam beradi, deb qarashmoqda.

COVID-19 Simptom Study ilovasini ishlab chiqqan mutaxassis Tim Spektor esa mart oyidayoq biror odamda test natijasi musbat chiqishi ehtimolida undagi isitmadan ko‘ra, anosmiyaning mavjudligi aniqroq bashorat beradi, deb aytdi.

“Ilovadan olingan ma’lumot shuni ko‘rsatmoqdaki, COVID-19’ga testi musbat natija bergan odamlarning 65 foizida hid bilish yo‘qolishi kuzatilgan va ulardan katta qismida umuman isitma bo‘lmagan”, — deydi u. “Musbat test natijasiga ega odamlarning 40 foizdan sal ko‘prog‘ida isitma bo‘lgan. Musbat natijali odamlarning taxminan 16 foizida anosmiya kasallikning yagona simptomi bo‘lgan”, — deb fikrini tugatdi Spektor.

Hid sezgisi yo‘qolganiga yoki buzilganiga bir necha oy bo‘lgan bemorlar uchun ham olimlar hali hammasi joyiga tushishiga umid bor demoqda. Regeneratsiya sekin kechadigan jarayon bo‘lib, muayyan vaqt talab qiladi.

“12—18 oy o‘tmagunicha, kimnidir hid bilishni butunlay yo‘qotibdi, deya olmaysiz. Bu o‘zini o‘zi tiklay oladigan, juda moslashuvchan sistema, shuning uchun uzil-kesil gapirishga hali juda erta”, deb gapini yakunladi Endryus.

Muzaffar Qosimov tayyorladi.