Starship raketasining prototipi vertikal qo‘nish vaqtida tezlikni pasaytira olmagani sabab sinov parvozi vaqtida portlab ketdi. Raketaning qo‘nish translyatsiyasi SpaceX’ning YouTube’dagi kanali orqali amalga oshirilgan.

Kadr: YouTube

SN8 prototipi 12,5 kilometr balandlikka ko‘tarilgan, dvigatel o‘chirilgan va u qo‘na boshlagan. Yerga yaqinlashgan Starship yana dvigatelini yoqqan, biroq ularning uchtadan ikkitasigina ishga tushgan. Raketa quyruq qismi bilan burilib, vertikal qo‘nish vaqtida portlab ketgan.

SpaceX asoschisi Ilon Mask o‘zining Twitter’dagi sahifasi orqali qo‘nish vaqtida yoqilg‘i bakidagi bosim yetarlicha bo‘lmagani, shu sababli bu katta tezlikda qo‘nishni yuzaga keltirganini yozib qoldirgan.

Raketa uchirilishidan oldin Mask mazkur sinov parvozining muvaffaqiyatini 3/1 ga baholagan.

The Verge’ning yozishicha, 9-dekabrda o‘tkazilgan sinov Starship uchun eng keng ko‘lamli bo‘lgan. Parvoz vaqtida raketaning aerodinamikasi, start va qo‘nish imkoniyatlari tekshirilgan. Bunga qadar Starship bunday balandlikka ko‘tarilmagan edi.

SpaceX sinovlardan so‘ng raketaning uchishi va qo‘nish manyovrlari muvaffaqiyatli kechganini ma’lum qilib, qanotosti boshqaruvlarining aniq hisobi amalga oshirilganini bildirgan. Kompaniyaning ta’kidlashicha, prototip rejalashtirilgan nuqtaga kelib qo‘ngan.

Eslatib o‘tamiz, noyabr o‘rtalarida ham SpaceX Starship raketasi prototipining sinovi muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi.  Prototiplarning deyarli barcha testlari muvaffaqiyatsiz tugagan. 2019-yil noyabr oyida Starship Mk1 germetika sinovi vaqtida portlagan, 2020-yil fevralida Starship SN1 suyuq azot bilan to‘ldirilish vaqtida bo‘linib ketgan. Bahorda Starship SN3 va SN4 ham uchishdan keyin portlagan. Prototiplardan yana biri suyuq azot bilan to‘ldirilayotgan paytida portlagan, ikkinchisi esa yonilg‘i sizib chiqishi oqibatida portlagan. O‘shanda Mask muvaffaqiyatsizliklarni inson omili bilan izohlagan.

Maskning g‘oyasi bo‘yicha Starship kelajakda Oydan Marsga yuklarni yetkazib berib, Yerga qaytadi.