Michigan universiteti tadqiqotchilari koronavirus bilan kasallangan bemorlarning 40-60 foizi yana kasalxonaga tushib qolayotgani yoki pnevmoniya va yurak yetishmovchiligi bilan og‘rigan bemorlarga qaraganda dastlabki 10 kun ichida vafot etayotganini aniqladi. Tegishli tadqiqot natijalari Journal of the American Medical Association jurnalida chop etilgan.

Foto: EPA

Olimlar koronavirus bilan kasallangan bemorga shifoxonadan javob berilganining birinchi oyida ular qaytadan kasalxonaga yotqizilayotgani, kasallik asoratlari yuzaga kelayotgani hamda o‘lim holatlari sodir bo‘layotgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tekshirgan.

Ular bahor va yoz faslida 132 ta VA Ann Arbor Healthcare System kasalxonalar tarmog‘ida davolanib chiqqan 2200 nafar bemorni 60 kun davomida kuzatgan. Bu kabi kuzatish ishlari koronavirusga bog‘liq bo‘lmagan pnevmoniya bilan kasallangan 1800 nafar va shu davr oralig‘ida yurak yetishmovchiligidan davolanib chiqqan 3500 bemor ustida ham olib borilgan.

Kuzatishlar yakunida koronavirus bilan kasallangan bemorlarning qayta kasalxonaga yotqizilishi yoki o‘lim holati umumiy hisobda qolgan ikki kasallikka qaraganda kamroq bo‘lgan. Shu bilan birga, dastlabki ikki oyda COVID-19 bilan og‘rigan bemorlarning 9 foizi vafot etgan va salkam 20 foizi kasalxonaga qaytgan.

Qayta kasallanish xavfi quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga kelgan: koronavirus infeksiyasining qaytalanishi — 30 foiz va sepsis — 8,5 foiz bemorda. Qayta kasallanganlarning 22 foizdan ortig‘i reanimatsiyaga tushgan.

Tadqiqotchilarning hisoblashicha, koronavirus bemorlarning aksariyatida bir necha hafta va oylarga cho‘zilib ketadigan boshqa jiddiy kasalliklarni ham qo‘zg‘atadi.

Shuningdek, ta’kidlanishicha, hozirgi vaziyat bahor va yozdagiga qaraganda murakkab, shifoxonalar yuklamalar ortgani sabab imkoni boricha tezroq koyka-o‘rinlarni bo‘shatishga urinmoqda.

Avvalroq koronavirusning mutatsiyaga uchrash moyilligi grippga qaraganda 30 marta kam ekanligi ma’lum bo‘lgandi.