Biz Enriko Fermi va uning birinchi atom reaktori haqidagi maqolamizda insoniyat tarixidagi dastlabki reaktor 1942-yilda Chikagoda barpo etilgani va ishga tushirilgani haqida yozgan edik. Fermi buyuk olim edi va bu boradagi birinchilikka u haqli ravishda erishdi. Lekin, bilasizmi, birinchi reaktorni Fermidan ham avvalroq boshqa bir olim – Frederik Jolio-Kyuri Fransiyada qurishi mumkin edi.

Unda buning uchun barcha sharoit: puxta ilmiy baza, aniq hisob-kitoblar va eng muhimi, o‘zi muallifligidagi tayyor loyiha bor edi. Ikkinchi jahon urushi boshlanmaganida va unda Fransiya eng birinchilardan bo‘lib taslim bo‘lmaganida, balki Jolio-Kyurining reaktori avvalroq qurilgan va ishga tushgan bo‘lar edi. “Daryo” olimning ilmiy faoliyati haqida ma’lumot beradi.

Foto: Google Photos

Haqiqatan ham Jolio-Kyuri o‘zining atom reaktori loyihasi uchun 1939-yildayoq patent rasmiylashtirishni boshladi. Boshqa reaktorlardan farqli o‘laroq, Jolio-Kyuri energiya olish reaksiyasida og‘ir suvni qo‘llash maqsad qilingan edi. U o‘sha yillarda butun dunyo fiziklari orasida katta qiziqish va qo‘rquv bilan o‘rganilayotgan sohaning – atom energetikasining barcha ehtimoliy oqibatlarini eng birinchilardan bo‘lib angladi, deyish mumkin.

1939-yilda nemis fizigi Otto Gan tomonidan uranning yadroviy parchalanishiga asoslangan zanjir reaksiyasi nazariy asoslangach, olimlar orasida eng birinchi bo‘lib aynan Jolio-Kyuri ushbu reaksiyaning portlash xarakteriga ega ekanini fizik jihatdan isbotlab berdi va bundan energiya ishlab chiqarish manbasi sifatida foydalanish kerakligini targ‘ib qila boshladi. U atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish g‘oyasining ham eng birinchi tarafdori bo‘lgan desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Biroq boshlanib qolgan urush tufayli olimning atom energetikasi sohasidagi barcha ilmiy ishlari to‘xtab qoldi. U, albatta, o‘z aloqa kanallari orqali AQShda Fermi tomonidan birinchi reaktor ishga tushirilganidan xabar topgan va atom bombasining yaratilishi yuzasidan yuritilgan Manxetten loyihasi haqida ham ma’lumotga ega bo‘lib turdi. Biroq u vatani Fransiyada ham atom energetikasi sohasida ish boshlanishi uchun urush tugashini kutishga majbur bo‘ldi.

Ikkinchi jahon urushi yakunlanib, Fransiyada Sharl de Goll hukumat tepasiga kelgach, mamlakatdagi eng obro‘li olim sifatida Frederik Jolio-Kyurini Ilmiy tadqiqotlar Milliy institutiga rahbar etib tayinladi. Prezident uning oldiga juda muhim vazifa – urushda barbod bo‘lgan fransuz ilmiy potensialini qayta tiklash vazifasini qo‘ygan edi. Shu bilan birga, Jolio-Kyuri atom energetikasi borasidagi tadqiqotlariga ham qaytdi va o‘zining og‘ir suvni qo‘llashga asoslangan reaktorini barpo etishga kirishdi.

Foto: Google Photos

Bu paytda butun dunyo jamoatchiligi Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga tashlangan atom bombasining dahshatlarini muhokama qilayotgan edi. Odamzod atomning qudratini salbiy jihatdan ko‘rib bo‘lgandi va ushbu vayronkor kuch nafaqat alohida hudud va davlatlarni, balki butun boshli sayyoraning o‘zini ham kunpayakun qilishi mumkinligi ochiq ravshan namoyon bo‘lgan edi. Jolio-Kyuri esa atomdan tinch maqsadlarda foydalanish kerakligini eng oliy hukumat rahbarlari orasida targ‘ib qilishga kirishdi va 1945-yilda u Sharl de Gollni Fransiya atom energetikasi komissariati tashkil qilishga ko‘ndirdi.

Shuningdek, aynan Jolio-Kyuri de Gollni fransuz atom bombasini yaratish borasida shoshmaslikka undadi va urushdan endigina qutilgan dunyo mamlakatlari uchun bu yog‘iga barqaror va tinch hayot kerakligi, oldinda turgan tiklanish va taraqqiyot ishlari uchun esa barqaror energetika sohasi o‘ta zarurligini tushuntirdi.

Uning tashabbusi bilan tashkil qilingan Fransiya atom energetikasi komissariati (CEA) 1946-yilning 8-mart sanasida Il-de-Fransdagi Shation hududida fransuzlar o‘zining birinchi atom reaktorini qurishni boshladi. O‘sha reaktor ZOE deb atalgan va uning ma’nosi “Uran oksidi va og‘ir suvga asoslangan nolinchi energiya” degan ma’noni berardi. Unda olim tabiiy uran oksididan yadro yoqilg‘isi sifatida foydalangan bo‘lsa, og‘ir suv – sekinlashtiruvchi vazifasini bajardi.

Deyarli ikki yil davom etgan qurilish ishlaridan keyin, 1948-yilning 15-dekabrida, bundan naq 72 yil muqaddam Jolio-Kyuri va Fransiyaning ilk atom reaktori muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Reaktor dastlabki paytlarda atigi bir necha kilovatt energiya bergan xolos. Lekin bu tajriba-sinov ishlarini bajarishga va yanada puxtaroq reaktorni loyihalashga amaliyot vazifasini o‘tab bergan. Oradan besh yil o‘tib esa u Fransiya uchun birinchi haqiqiy ulkan atom stansiyasini barpo etdi. Metall uran va og‘ir suv asosida ishlaydigan ushbu reaktor katta miqdorda energiya ishlab chiqara olar va hatto sanoatni ta’minlashga qodir edi.

Biroq Fransiya oliy hukmron doiralari Jolio-Kyurini rahbarlik maqomida uzoq qoldirmaslikka qaror qildi. Chunki bu paytda atomdan tinch maqsadlarda foydalanish g‘oyalari targ‘ibotchisiga aylangan olim kommunistlar bilan yaqin aloqalarga kirishib ketgani mamlakat rahbarlariga yoqmadi. Uni lavozimidan chetlatishdi va atom energetikasi loyihalarida faqat ilmiy xodim sifatida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yib berishdi xolos.

Foto: Google Photos

Shunga qaramay, Jolio-Kyuri o‘zining tinch atom haqidagi g‘oyalariga sodiq qoldi va yadroviy energiya potensialidan faqat va faqat tinch maqsadlarda, xususan, tibbiyotda, energetika, qishloq xo‘jaligi va ilmiy sanoatda foydalanish zarurligini keng ta’kidlashdan charchamadi. Aytishlaricha, Jolio-Kyuri atomdan qurol sifatida foydalanilishiga global taqiq qo‘yilishi g‘oyasi muallifi ham edi va 1946-yilda ilk bora BMT atom kengashi chaqirilganida, u Fransiya elchisining mazkur kengashdagi rasmiy nutqi uchun tayyorlangan matnni ham yozib bergan ekan. Unda Fransiya yadroviy qurol ishlab chiqarilishiga va yadroviy qurolning qo‘llanishiga global taqiq joriy etilishi taklif qilindi.

Jolio-Kyuri Fransiya atom komissariatidan chetlatilgandan keyin ham atomdan tinch maqsadlarda foydalanish g‘oyalarini butun dunyo bo‘yicha targ‘ib qilishdan chekinmadi va 1950-yilda atom qurolidan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha Stokgolm chaqirig‘i bilan katta chiqish qildi. Hozirda ham Jolio-Kyuri tinch maqsaddagi atom g‘oyalarining timsoli sifatida yuksak didli, insonparvar va oliyjanob shaxs sifatida yodga olinadi.

Maqola so‘ngida bir qiziq faktni keltirib o‘tsak: Kyurilar oilasi Nobel mukofotini olish bo‘yicha jahonda rekordchi sanaladi. Ushbu oilaning o‘zida naq beshta Nobel mukofoti bor! Eng birinchisi – Jolio-Kyurining qaynota va qaynonasi, buyuk kimyogar olima – Mariya Kyuri va fizik olim Pyer Kyuri 1903-yilgi Nobelga sazovor bo‘lgan bo‘lsa (1911-yil Mariya Kyurining o‘zi ikkinchi bora Nobel olgan), keyinchalik esa Jolio-Kyuri o‘zi va rafiqasi Iren Kyuri ham sun’iy radioaktivlik hodisasini kashf etgani uchun kimyo bo‘yicha 1935-yilgi Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Tushunganingizdek, tinch atom tarafdorlari dohiysi bo‘lmish Frederik Jolio-Kyuri o‘sha mashhur Pyer va Mariya Kyurilarga kuyov bo‘ladi.

Muzaffar Qosimov tayyorladi.