Amerikaning NASA kosmik agentligi ekspertlari shu hafta davomida Yerga beshta asteroid yaqinlashini ma’lum qildi. Ularning uchtasi 16-dekabr kuni sayyora yaqinidan uchib o‘tib bo‘lgan, deb xabar beradi “Kommersant.net”.

Foto: EPA

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur kosmik jismlarning diametri 10 dan 24 metrgacha yetadi. Ulardan biri Yerga 343 ming kilometr masofaga qadar yaqinlashgan.

Bundan tashqari, yana ikkita asteroiddan biri 18-dekabr kuni Yerdan 57,1 ming kilometr, ikkinchisi esa qariyb 7 million kilometr uzoqlikdan uchib o‘tadi. Asteroidlardan biri maksimal yaqinlashish vaqtida sayyoraga Oydan ham yaqinroq keladi. Ushbu kosmik jismlarning diametri mos ravishda 6,8 hamda 30 metrni tashkil etadi.

Avvalroq diametri 10 metr keladigan asteroid Yerdan rekord darajada yaqin masofadan uchib o‘tgani, uning to‘qnashuviga 350 kilometr  yetmagani to‘g‘risida xabar berilgandi.