Shveysariyaning dori-darmon bozorini nazorat qilish boshqarmasi Pfizer va BioNTech kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi vaksinani mamlakatda foydalanish uchun ma’qulladi. Bu haqda Swissmedic’ga tayanib, “Korrespondent.net” xabar qildi.

foto: “Yandeks Dzen”

Pfizer Shveysariyada foydalanish uchun tasdiqlangan va xavfsizligi isbotlangan birinchi vaksina hisoblanadi.

Shveysariyaning Terapevtik tovarlarni tartibga solish agentligi tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, vaksinaning ikkinchi inyeksiyasidan yetti kun o‘tgach organizmdagi himoya darajasi 90 foizdan oshadi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, shu vaqtgacha Pfizer va BioNTech kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi vaksina AQSh,  Buyuk Britaniya, Bahrayn, Meksika va Kanadada foydalanish uchun tasdiqlandi. Pfizer va BioNTech vaksinani  Yevroittifoqda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza bergan. Ittifoqda 27-dekabrdan koronavirusga qarshi vaksinatsiya boshlanishi ma’lum qilingan.

Ma’lumot uchun, AQShda Pfizer vaksinasidan tashqari, Moderna vaksinasi ham foydalanish uchun ma’qullandi.

Avvalroq AQShda Pfizer vaksinasi bilan emlangan ikki tibbiyot xodimining ahvoli yomonlashgan, sinovlardagi 6 ko‘ngilli esa vafot etgani haqida xabar berilgandi.