Sirdaryo viloyati Shirin shahrida yashovchi 15 yoshli voyaga yetmagan X.A. (qiz) o‘gay onasi unga yomon munosabatda bo‘lib, ko‘p hollarda doimiy ruhiy bosim o‘tkazgani, yengil jarohatlar bilan kaltaklab kelayotgani to‘g‘risida videomurojaat qilib chiqdi. Holat yuzasidan shahar hokimligi munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, X.A.ning buvisi R.M. Shirin shahar IIBga ariza bilan murojaat qilib, X.A.ning o‘gay onasi N.Z. uni urib, tan jarohati yetkazganligi uchun qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.

Mahalla tizimi xodimlari bilan suhbatda N.Z. o‘gay qizini uy yumushlarida aytganlarini qilmaganligi uchun “tarbiyalaganini” iddao qilgan.

Ma’lum qilinishicha, sud tomonidan ishni ko‘rish vaqtiga kelib, voyaga yetmagan X.A. ko‘rsatmalarini o‘zgartirib, o‘gay onasi muntazam ravishda qiynab va uyatsiz buzuq harakatlar qilganini bayon etganligi bo‘yicha murojaat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Shirin shahar prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida o‘rganib chiqilgan.

Holat yuzasidan Shirin shahar IIB tomonidan N.Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 129-moddasi (16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) va 110-moddalari (qiynash) bilan ayblov e’lon qilinib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Buxoroda 7 yoshli qizaloqni qiynoqqa solib, uning qo‘li va yuzlarini kuydirgan er-xotinga sud hukmi o‘qilgani, Toshkentda o‘z xotiniga bolasining axlatini yedirgan erkak 3 yilga ozodlikdan mahrum etilgani hamda Sergelida bir ayolni qiynab, uni tahqirlagan 3 nafar ayol qamoqqa olingani haqida xabar berilgandi.