Telegram messenjeri ma’muriyati 2021-yildan boshlab undan daromad olishga kirishadi. Bu haqda messenjerning asoschisi Pavel Durov ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.

Foto: EPA

Durovning so‘zlariga ko‘ra, u uzoq vaqt davomida messenjerning xarajatlarini o‘z jamg‘armalaridan to‘lab kelgan, lekin endi chiqimlar juda ko‘payib ketgan, shu sababli kompaniya oldida “faqat ikkita yo‘l bor — xarajatlarni qoplash uchun pul ishlab topishni boshlash yoki yirikroq o‘yinchiga sotilish”.

Durovning ta’kidlashicha, sotish yo‘li u uchun nomaqbul, shuning uchun daromad olish varianti tanlangan, bu e’tiborni tortmaydigan bo‘ladi va aksariyat foydalanuvchilar o‘zgarishlarni sezmaydi. Kompaniya pabliklarda reklama namoyishini tizimlashtirish orqali daromad olishni ko‘zlamoqda.

“Ko‘plab mamlakatlarda bunday kanallar egalari o‘z obunachilariga reklama ko‘rsatish orqasidan, ba’zan boshqa reklama platformalari orqali pul ishlaydi. Ular chop etadigan reklama e’lonlari oddiy xabarlar kabi ko‘rinadi va ko‘pincha e’tiborni jalb qiladi. Shu sababdan biz kanallar uchun o‘z reklama platformamizni taklif qilamiz, u foydalanuvchilar uchun qulaylik va maxfiylikni ta’minlaydi, bizga esa serverlar va trafik xarajatlarini qoplash imkonini beradi”, — deb yozdi Pavel Durov.

Durovning qayd etishicha, messenjer “keng ehtiyojlarga ega biznes-jamoalar va foydalanuvchilar uchun qo‘shimcha funksiyalar”ni taklif qilish orqali ham pul ishlab topadi. Telegram asoschisi ta’kidlashicha, oddiy foydalanuvchilar uchun joriy servislarning barchasi bepul bo‘lib qoladi va shaxsiy xabarlar va guruhlarda reklama bo‘lmaydi.

2018-yilda Durov Gram kriptovalyutasiga ega TON blokcheyn-platformasini ishga tushirish rejalari haqida e’lon qilgan edi — ushbu ishlanma uchun Telegram 1,7 milliard dollar investitsiya jalb qildi. 2020-yilda AQSh qimmatli qog‘ozlar komissiyasi Gram’ni chiqarishni taqiqlab qo‘ygach, loyihadan voz kechishga to‘g‘ri keldi.