Argentina Rossiyada yaratilgan koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu haqda vaksinani ishlab chiqarishni muvofiqlashtiruvchi Rossiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasiga tayanib, Meduza xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

Vaksina Rossiyada o‘tkazilgan klinik tadqiqotlar asosida va Argentinaning o‘zida qo‘shimcha sinovlarsiz, tezlashtirilgan jarayon doirasida ma’qullangan.

Qayd etilishicha, vaksinaning dastlabki 300 ming dozasi Argentinaga 24-dekabr kuni yetkazib beriladi. Emlashning o‘zi esa 28-dekabrda boshlanadi.

Rossiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi Argentinaga jami 10 million doza “Sputnik V” vaksinasini jo‘natish haqida kelishuvga erishgan.

Argentina “Sputnik V” vaksinasini qo‘llashni ma’qullagan ikkinchi xorijiy davlat bo‘ldi. Birinchi bo‘lib 21-dekabr kuni Belarus bu ishni amalga oshirgan.

“Sputnik V” Argentinada foydalanishi boshlanadigan birinchi koronavirusga qarshi vaksina bo‘ladi. Mamlakat rasmiylari 22-dekabr kuni Pfizer va BioNTech kompaniyalari tomonidan yaratilgan vaksinani qo‘llashni ham ma’qullagan, biroq bu vaksinani yetkazib berish yanvar oyidan oldin amalga oshirilmaydi.

23-dekabr kuni ma’lum bo‘lishicha, “Sputnik V” sinovlaridan qatnashayotgan rossiyalik ko‘ngillilarga bundan keyin platsebo qilinmaydi. Platsebo olganlarning ko‘pchiligi tahlil natijalari asosida bundan xabar topgan va vaksinaning o‘zini qabul qilgan. Klinik sinovlar bo‘yicha tashkilotlar uyushmasining ijrochi direktori Svetlana Zavidovaning ma’lum qilishicha, bu vaksina sinovining muvaffaqiyatsizlikka uchraganini anglatadi.