Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botirjon Qurbonov ayni vaqtgacha O‘zbekistonda qancha ko‘ngilli koronavirusga qarshi Xitoy vaksinasi bilan emlangani va emlash jarayonida kimlar qatnashishi mumkinligi to‘g‘risidagi savollarga javob berdi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Qurbonovning so‘zlariga ko‘ra, klinik-sinov tarzida o‘tkazilayotgan emlashda 18 yoshdan oshgan ko‘ngilli fuqarolar qatnasha oladi. Ular COVID-19 infeksiyasi bilan umuman zararlanmagan bo‘lishlari talab etiladi. Chunki koronavirusga chalinib tuzalganlar tanasida antitanachalar mavjud bo‘lib, vaksinaning organizmga qanday ta’sir qilganini aniqlashga xalaqit beradi.

Bundan tashqari, ayni vaziyatda koronavirus bilan og‘rigan bemorlarga ham vaksina qilinmaydi. Ko‘ngilli fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, turli surunkali kasalliklardan xoli ekani o‘rganiladi. Emlashdan oldin ko‘ngilli fuqarolarning qon tahlili ekspress usulda o‘rganiladi. Bunda organizmda infeksiyaga qarshi antitanachalar yo‘qligi hamda koronavirus kasalligiga chalinmagani aniqlanadi.

Ta’kidlanishicha, 22-dekabr sanasiga ko‘ra, 226 nafar ko‘ngilli fuqaro vaksina bilan emlangan. Fuqarolarning vaksina to‘g‘risidagi fikr-mulohazalarini bildirishi hamda ko‘ngilli sifatida emlashda qatnashish niyatida murojaat qilishi uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan maxsus sayt yaratilmoqda.

“Ayni paytda nazoratga olish imkoni keng bo‘lgani uchun asosan poytaxtda yashovchi ko‘ngilli yurtdoshlarimiz ushbu vaksina bilan emlanmoqda”, — deydi Botirjon Qurbonov.

Innovatsion rivojlanish vazirligining ma’lum qilishicha, vaksinaning ushbu sinovi 14 oy davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan Xitoyning Anhui Zhifei Loncom Biofarmaceutical kompaniyasida ishlab chiqarilgan ZF2001 rekombinant vaksinasining III faza klinik sinovlari amalga oshirilmoqda.

Sinov vaksinasi bu tadqiqot natijasida yaratilgan vaksina turi bo‘lib, klinik sinovlarda qo‘llash uchun mo‘ljallangan va tegishli tashkilotlardan tasdiqlanmaguncha, sotuvga chiqarilmaydi.

Qayd etilishicha, ushbu tadqiqotda ishtirok etish yoki etmaslik to‘laqonli ixtiyoriy. Sinov davri mobaynida ko‘ngillilar sinovni davom ettirishga majburlanmaydi. Ushbu sinovda ishtirok etishga qaror qilgan nomzod rozilik xatiga imzo chekishi va uning bir nusxasini o‘zida saqlashi so‘raladi.

Tadqiqotda qatnashishga qaror qilgan nomzodning kasallik tarixi, salomatlik ko‘rsatkichlari, vaksinani qabul qilganidan so‘ngi yig‘ilgan ma’lumotlar va shu kabi boshqa ma’lumotlar yozib olinadi. Shu bilan birga nomzodlarga yangi koronavirus infeksiyasidan qanday saqlanish mumkinligi to‘g‘risida ko‘rsatmalar beriladi.

Avvalroq O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vaziri Xitoy vaksinasi masalasida aholini xotirjamlikka chaqirib, sinovda oila a’zolari ham qatnashayotgani, Toshkentda davom etayotgan koronavirusga qarshi vaksinalar sinovida hozircha nojo‘ya ta’sir aniqlanmaganini ma’lum qilgandi.

Ma’lumot uchun, sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xojiboyev 2020-yil oxiri yoki 2021-yil boshlarida O‘zbekiston “Sputnik V” vaksinasining klinik sinovlariga kirishishni mo‘ljallayotganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, O‘zbekiston Rossiyaning “Vektor” ilmiy markazi tomonidan ishlab chiqarilgan “EpiVakKorona” vaksinasi ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng uning qo‘shma sinovlarini o‘tkazishga qiziqish bildirgandi. Hindiston ham koronavirusga qarshi vaksinalarini O‘zbekistonga taklif qilgan. O‘zbekistonda 2021-yilning iyuniga qadar 60 foizgacha aholini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgan.