Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Nurmat Otabekov Xalqaro press klub sessiyasida O‘zbekiston sotib oladigan vaksina va undan birinchi navbatda kimlar emlanishi haqida ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

“Biz aniq bilamiz, hozir dunyoda vaksina ishlab chiqarish ishtiyoqida bo‘lgan davlatlar juda ham ko‘p. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, hozir 9 ta vaksina uchinchi klinik sinov jarayonini boshdan kechiryapti. 25 ta vaksina ikkinchi, birinchi klinik sinovda. 154 ta vaksina klinik sinovgacha bo‘lgan sinovlardan o‘tyapti.

O‘zbekiston Respublikasi ham Xitoyda ishlab chiqarilgan 2 ta vaksinaning, Rossiyada va Hindistonda ishlab chiqarilgan vaksinalar sinovining uchinchi klinik fazasida ishtirok etishga jalb qilingan.

Birinchidan, bu kabi sinovlarda ishtirok etish bu O‘zbekiston tibbiyotini va uning ilmini tan olish hamda uni e’tirof etish bilan baholanishi kerak. Hamma davlatlar ham 3-klinik faza sinovlariga jalb qilinmaydi.

Hozirgi vaqtda Xitoyning 5 ming doza vaksinasi va Rossiyaning 100 doza vaksinasi olib kelingan. Lekin hozirgi paytda Xitoy vaksinasining O‘zbekistonda uchinchi klinik sinovlari boshlandi. O‘zbekistonda ham aynan mana shu vaksinalarning klinik sinovi Innovatsiyalarni rivojlantirish vaziri boshchiligida vazirlik xodimlarini emlashdan boshlangan. Hozir bu jarayon davom etyapti.

Bundan tashqari, Rossiyadan vaksinalar yetib kelgan. Biz bu vaksinalarning ikkinchi klinik sinovlardan o‘tgani to‘g‘risidagi hujjatlarni kutyapmiz. Hademay u hujjatlar keladi. Albatta, uni ko‘rib chiqamiz.

Vaksina ishlab chiqarish jarayoni doim murakkab bo‘lgan. Bir necha o‘n yillarni talab qilgan vaksinalar ham bor. Shunday ekan, biz vaksinalarni bu kabi sinovlardan o‘tkazish, amaliyotga kiritish tartibiga yuzaki qarashimiz kerak emas”, – deydi Nurmat Otabekov.

Nurmat Otabekovning ta’kidlashicha, har bitta ko‘ngilli maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilyapti. Unga ko‘ra, ko‘ngillilar koronavirus kasalligiga chalinmagan bo‘lishi kerak. Ushbu kasallik bilan kasallanib, sog‘aygan bo‘lishi kerak emas. Ularda qon kasalliklari, immun tanqisligi kasalliklari, onkologik kasalliklar, homiladorlik bo‘lmasligi kerakligini ma’lum qilingan.

Shu bilan birga, Nurmat Otabekov O‘zbekiston faqat Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tan olgan vaksinani xarid qilishini aytdi va birinchi navbatda kimlar emlanishi haqida ma’lumot berdi.

“Qaysi vaksinani xarid qilamiz? Albatta, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tan olgan va samaradorligi isbotlangan vaksinalar O‘zbekiston tomonidan xarid qilinadi. Xarid qilinishidan avval tender o‘tkaziladi. Qaysi vaksina sifatli bo‘lsa, samarador deb baholangan bo‘lsa, o‘sha vaksina xarid qilinadi.

Lekin bir narsani men aniq bilaman, O‘zbekiston hududida koronavirus kasalligi vaksinasi agar olib kelinadigan bo‘lsa, birinchidan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi emlanadi. Xavf osti guruhiga mansub aholi emlanadi. Albatta, birinchi ularning himoyasini ta’minlash bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.

Endi bu klinik sinovlarga taalluqli qismi bo‘ladigan bo‘lsa, yana bir jihatga e’tibor qaratmoqchiman. Dunyoda Vaksina va immunizatsiya global alyansi bor. Hozir o‘sha alyans qoshida COVAX degan tashkilot tashkil etilgan. Bu tashkilotga O‘zbekiston ham buyurtma bergan. O‘ylaymanki, O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tan olgan vaksinani birinchilar qatorida oladi va uni tegishli aholi qatlamiga emlash ishlarini amalga oshiradi.

Shu paytgacha, O‘zbekistonda 13 turdagi boshqariluvchi kasalliklarga qarshi emlash bor. Ular emlash kalendariga kiritilgan. Emlash kalendariga kiritilgan har bir vaksina davlat hisobidan aholining tegishli qatlamiga tegishli oraliqda bepul amalga oshiriladi. Kelgusida ham o‘ylaymizki, koronavirusga qarshi vaksina aynan shu davlat tomonidan kafolatlangan aholi qatlamiga bepul, tashkilot va muassasalar o‘z tashabbusi bilan emlash ishtiyoqida bo‘lsa, pullik asosida bo‘lishi mumkin.

Eng asosiysi, biz Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tan olgan vaksinani ko‘rishimiz va uni boshqa vaksinalar bilan solishtirish imkoniyatiga ega bo‘lishimiz kerak”, – deydi Nurmat Otabekov.

Avvalroq O‘zbekistonda 25-dekabrdan karantin kuchayishi haqidagi mish-mishlarga munosabat bildirilgani hamda Aziz Abduhakimov amerikaliklarni muvaffaqiyatli vaksina yaratgani bilan tabriklagani haqida xabar berilgandi.