Qozog‘iston Amerikaning Pfizer farmatsevtik kompaniyasi bilan oshkor etmaslik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi, deya xabar bermoqda “Zakon.kz”.

Foto: Euronews

“Biz bugun Pfizer kompaniyasi bilan oshkor etmaslik to‘g‘risida bitim imzoladik va maxsus ruxsat etuvchi hujjatlar berish orqali ushbu vaksinalarni Qozog‘iston hududiga olib kelish bilan shug‘ullanishga tayyormiz. Hammasi ushbu kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlariga va mazkur dori vositasini respublika hududiga yetkazib berish imkoniyatlariga bog‘liq”, — dedi Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Shoranov brifingda.

Vaksinani sotib olishga to‘siq bo‘luvchi nyuanslar bor-yo‘qligi haqidagi savolga Shoranov quyidagicha javob berdi:

“-70 daraja butun Qozog‘iston hududida keng ko‘lamda qo‘llash uchun yetarlicha jiddiy to‘siq hisoblanadi. Ayni paytda biz butun logistik zanjirni ishlab chiqmoqdamiz, qariyb har bitta mintaqa bugungi kunda aytish joiz bo‘lsa, maxsus xablarga ega. Ya’ni bu Olmaota, Nur-Sulton, Aqto‘be va Chimkentda to‘rtta asosiy xabga ega yagona distribyutor, ular tegishli sovituvchi uskunaga ega bo‘lib, vaksinalarni saqlash va -20 darajagacha harorat rejimini ushlab turish imkoniyatini beradi”.

Shoranovning ta’kidlashicha, oshkor etmaslik to‘g‘risidagi shartnoma — har bitta ishlab chiqaruvchi uchun qandaydir ma’lumotlarni topshirishdagi majburiy shartdir.

“O‘zingiz tushunasizki, ishlab chiqaruvchilarning barchasi o‘z tadqiqotlarining natijalariga juda xavotir bilan munosabatda bo‘ladi. Keyinchalik esa ushbu maxfiylik haqidagi shartnomalar asosida tegishli ekspert tashkilotlari ularning ma’lumotlarini tahlil qiladi. Ularning ma’lumotlari bizning milliy talablarimizga to‘g‘ri kelsa, ushbu vaksina Qozog‘iston Respublikasi hududiga keltirilishi mumkin bo‘ladi”, — dedi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari.

Brifingda ishtirok etayotgan Tibbiy va farmatsevtik qo‘mita raisi o‘rinbosari vazifalarini bajaruvchi Nurlibek Asilbekov Pfizer kompaniyasi bilan keyingi muzokaralar 30-dekabrda bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Muzokaralar vaksinani “yetkazib berish imkoniyatlarini tezlashtirish” masalasida bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 19-dekabr kuni Qozog‘istonda ko‘ngillilarni koronavirusiga qarshi mahalliy QazCovid-in vaksinasi bilan emlash boshlandi. 2021-yil fevralida esa qozog‘istonliklar ommaviy ravishda Rossiyaning koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasi bilan emlanishni boshlaydi. Buning uchun ushbu vaksina Qozog‘istonning o‘zida ishlab chiqarilmoqda.