O‘zbekistonda 2021-yilda ham koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni tizimli ravishda davom ettirish eng muhim vazifalardan biri bo‘ladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida aytib o‘tdi.

“Bu ishlar uchun 2021 yil davlat byudjetida 3 trillion so‘m zaxira shakllantirildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan, albatta, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari ham amalga oshiriladi”, — dedi davlat rahbari.

Sanitariya-epidemiologiya xizmati sifatini oshirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va zamonaviy laboratoriyalar tashkil etishga 200 million dollar yo‘naltiriladi.

Pandemiya saboqlaridan kelib chiqqan holda, tibbiyot sohasini raqamlashtirish ko‘lami yanada kengaytiriladi. Jumladan, barcha tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni ko‘paytirish, poliklinika va kasalxonalarni elektron ish yuritishga o‘tkazish choralari ko‘riladi.

Shuningdek, respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari va ularning filiallari o‘rtasida telemeditsina yo‘lga qo‘yilib, diagnostika va davolash uchun joylardagi imkoniyatlar yanada kengaytiriladi.