Shveysariyaga Buyuk Britaniyadan Verbye tog‘-chang‘i kurortiga kelgan va so‘nggi qoidalarga ko‘ra o‘n kun karantinda bo‘lishi kerak bo‘lgan 400 dan ortiq sayyoh g‘oyib bo‘ldi. Bu haqda Daily Telegraph’ga tayanib, “Interfaks” xabar qildi.

Foto: “Yandeks Dzen”

Birlashgan Qirollik hukumati mamlakatda koronavirusning yangi, yuqumli turi aniqlanganligini e’lon qilgandan so‘ng Shveysariya hukumati Buyuk Britaniyadan keluvchi parvozlarni 20-dekabr kuni taqiqladi. 14-dekabrdan boshlab mamlakatga kirib kelgan ingliz sayyohlariga o‘n kun davomida shoshilinch ravishda o‘zini izolyatsiya qilish buyurildi.

Ma’lum qilinishicha, 24-dekabr kuni Shveysariya hukumati inglizlar o‘z vataniga qaytishga ruxsat berilganligini e’lon qildi. Buning uchun inglizlar qator shartlarni bajarishi va hukumatga vatanlariga qaytishda qaysi transportdan foydalanmoqchi ekani to‘g‘risida xabar berishi kerak edi.

Qayd etilishicha, 27-dekabr kuni ertalab Verbyedagi mehmonxona xodimlari ingliz sayyohlari hatto nonushta qilmay dam olish zonalarini ommaviy tark etganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, Verbyeda karantinga olingan 420 nafar britaniyalikdan faqatgina o‘n nafardan kamroq odam qolgan.

Verbye joylashgan Vale kantonining rahbari Kristof Darbelle mahalliy hokimiyat sayyohlarni karantinda ushlab turolmaganligi to‘g‘risidagi ayblovlarni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, chegara aslida “teshiklarga to‘la”, odamlar hujjatlarni ko‘rsatmasdan butun Yevropa bo‘ylab sayohat qilishlari mumkin va unga ko‘ra, ba’zi britaniyaliklar Verbyedan mashinada chiqib ketishgan va ular hozirda Britaniyada karantin ostida.

Shuningdek, u Federal sog‘liqni saqlash idorasini Britaniyadan kelgan barcha havo yo‘lovchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kech uzatishda aybladi. Idora rahbariyati ushbu ayblovlarni rad etdi.

Ma’lumot uchun, Shveysariyada majburiy karantin qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdori 10000 Shveysariya frankini tashkil qiladi.

JSST 20-dekabr kuni Britaniyanikiga o‘xshash koronavirus Niderlandiya, Daniya va Avstraliyada ham aniqlanganini e’lon qildi. Hozirda tashkilot bu shtammni o‘rganmoqda. Ushbu shtamm Fransiya va Yaponiyada ham qayd etildi, Germaniya va Shveysariyada ham koronavirusning “britancha shtammi”, Nigeriyada esa butunlay yangi mutatsiyasi aniqlandi. Janubiy Koreya va Iordaniyada ham ushbu shtamm bilan kasallanganlar aniqlandi, ularning barchasi avvalroq Britaniyada bo‘lib qaytgan.