Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 31-dekabr kuni Pfizer va BioNTech tomonidan birgalikda ishlab chiqarilgan vaksinadan foydalanishni rasman tasdiqladi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Pfizer

“COVID-19 uchun Pfizer/BioNTech vaksinasi bugungi kunda epidemiya boshlanganidan beri favqulodda vaziyatda foydalanish uchun JSST tomonidan tasdiqlangan birinchi vaksina”, – deyiladi tashkilot xabarida.

JSST ta’kidlashicha, savdo nomi Comirnaty bo‘lgan vaksinani tashkilot tomonidan tasdiqlanishi mamlakatlarda tartibga solish ishlarini tezlashtirishga va vaksinalarni olib kirish hamda emlash kampaniyalarini o‘tkazishga imkon beradi.

“Shuningdek, bu YuNISEF va Panamerika sog‘liqni saqlash tashkilotiga muhtoj mamlakatlar uchun vaksina sotib olishga imkon beradi”, – deyiladi xabarda.

Tashkilot mutaxassislari Pfizer/BioNTech vaksinasining xavfsizligi, samaradorligi va sifati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tahlil qilib, JSSTning barcha mezonlariga javob beradi, degan xulosaga keldi va uni qo‘llashning foydasi potensial xavfdan yuqori ekani ta’kidlandi.

JSSTning ta’kidlashicha, vaksinatsiya bo‘yicha ekspertlar maslahat guruhi (SAGE) 5-yanvar kuni yig‘ilib, vaksinalar bo‘yicha o‘ziga xos siyosatni ishlab chiqadi va ulardan foydalanish bo‘yicha aholiga tavsiyalar beradi.

Yevropa Komissiyasi tomonidan allaqachon Pfizer/BioNTech vaksinasi ma’qullangan. Mamlakatlardan birinchi bo‘lib Buyuk Britaniya ushbu vaksinadan foydalanishni ma’qulladi. Bundan tashqari, AQShBahraynMeksikaKanadaShveysariya va Fransiyada ham bu vaksinadan foydalanish tasdiqlandi.

Ushbu vaksina bilan ommaviy emlash Yevropa Ittifoqida 27-dekabrda boshlandi. Xususan, Belgiya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Ispaniya, Lyuksemburg va Shveysariya emlash kampaniyalarining optimal jadvallarini ishlab chiqish bo‘yicha o‘z harakatlarini muvofiqlashtirishga kelishib oldi.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘iston Pfizer kompaniyasi bilan bitim imzoladi.

Avvalroq Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Nurmat Otabekov O‘zbekiston faqat JSST tan olgan vaksinalarni xarid qilishini ma’lum qilgandi.