09:15, 04.01.2021 // 43623

Bollivud yulduzlarining bor-budidan ayrilishiga sabab bo‘lgan filmlar

San’at olamida hamma narsa bo‘lishi: hech kim tanimagan odam ertasi kuni yulduz bo‘lib uyg‘onishi, mashhur aktyor va aktrisalar esa birgina loyiha o‘zini oqlamagani sabab bor-yo‘g‘idan ayrilishi mumkin.

Amitabx Bachchan

Foto: Getty Images

80-yillar so‘ngida siyosat bilan shug‘ullangan aktyor uch yilga kinosanoatni tark etgan. Qaytgach “Shahanshoh” filmida suratga tushgan Amitabx karyerasida shundan keyin omadsizlik kuzatilgan. “Olovli yo‘l” filmi sabab milliy kinomukofotni qo‘lga kiritganini aytmaganda qolgan loyihalari muvaffaqiyatli bo‘lmagan. Shu sabab u 5 yilga san’atni tark etgan. 1996-yilda Amitabh Bachchan Corporation, Ltd nomi kinosanoat xizmatlarini qamrab olgan kompaniyaga asos solgan. Kompaniya tomonidan ilk bor taqdim qilingan “Bizning sen bilan orzularimiz” melodrammasi yetarlicha muvaffaqiyatga erishgan. 1997-yilga kelib esa u “O‘lim farishtasi” filmida aktyor sifatida faoliyatini davom ettirgan. Moliyaviy ahvoli yaxshi bo‘lmaganidan Dimpl Kapadiya va Karishma Kapurga to‘lagani puli bo‘lmagan. Qolaversa, filmni suratga olayotgan ABCL kompaniyasi “Dunyo go‘zali 1996” tanlovining homiysi bo‘lgan va millionlab mablag‘ yo‘qotgan. Alal-oqibat esa  Bachchan bankrot bo‘lgan. 1999-yilda sud ishlarini boshdan kechirgan aktyor, 2000-yil haqida gap ketganda u vaqtda na filmi na puli bo‘lgani, shuningdek, kompaniyasidan ayrilganini ma’lum qilgan. U aktyorlik karyerasini tashlamoqchi bo‘lgan, ammo buni uddasidan chiqa olmagan. “Sheriklar”, “Janob mayor” filmlaridagi ishtirokidan keyin hammasi o‘nglana boshlagan. Shundan keyin unga “Kim millioner bo‘lishni istaydi?” nomli shouni boshqarish taklif qilingan va aynan shu loyiha u uchun najot bo‘lgan.

Raj Kapur

Foto: Getty Images

1970-yil 18-dekabrda Raj Kapur 6 yil umrini sarflagan “Mening ismim Masxaraboz” filmi ekran yuzini ko‘rgan. 1963-yildan suratga olish boshlangan loyiha uchun Raj vaqtini ham pulini ham ayamagan. Budjeti juda katta mablag‘ni tashkil qilgan ushbu film kutilgandek natija bermagan, tanqidlarga sabab bo‘lgan. Shundan keyin Raj o‘g‘li Rishi Kapur va Dimpl Kapadiya  ishtirokida “Bobbi” filmini suratga olgan. Ushbu loyiha muvaffaqiyatli chiqqan. Keyinchalik o‘g‘li Rishi bergan intervyusida, otasining “Mening ismim masxaraboz filmi uchun barcha aktivlarini tikkani, ammo kartina omadsiz chiqqanidan keyin jiddiy muammolar bo‘lganini ma’lum qilgan. Ushbu muvaffaqiyatsizlikka qaramay, bugungi kunda “Mening ismim masxaraboz” XX asr yulduzi Raj Kapurning eng yaxshi filmlaridan biri sanaladi. O‘z vaqtida tanqidlarga sabab bo‘lgan ijod namunasi, 80-yillarda kassabop bo‘lgan.

Bxagvan Dada

Foto: Getty Images

Bxagvanning ko‘rinishi zamonasida noodatiy deb baholangan bo‘lsa-da, u aktyor, rejissor va yozuvchi sifatida muvaffaqiyatga erishgan. Ishtirokidagi “Albela” filmi va “Sholajo bhadke” qo‘shig‘i hali hamon xit sanaladi. U Mumbaydagi 25 ta yotoqxonali uy va 7 ta mashina bilan qirollardek hayot kechirgan. Ammo prodyuserlik qilgan va suratga olgan “Jhamela” va “Labela” filmi uchun mashinalari va uyini sotishga hamda oilasi bilan yotoqxonada yashashiga to‘g‘ri kelgan. Boyligidan ayrilganidan keyin Chamchandra, Om Prakash va Rajindera Krishaandan tashqari deyarli barcha tanishlari uni tark etgan. Dada 2002-yil 89 yoshida, yurak xurujidan vafot etgan.

Priti Zinta

Foto: Getty Images

Bollivud yulduzi “Parijdagi ishq” filmini suratga olganidan keyin moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan. Dialoglar muallifi Abbos Tyareva gonorarlarni to‘lamagani sabab Pritini sudga bergan. Sud tomonidan qamoqqa olish haqida hukm chiqarilgan aktrisaga Salmon Xon moliyaviy yordam bermaganida, qarzlari sabab qamalib ketgan bo‘lardi.

Abxay Deol

Foto: Getty Images

So‘nggi o‘n yillikning eng yaxshi aktyorlaridan biri bo‘lgan Abxay ham bankrot bo‘lganlardan. Uning 2014-yilda taqdim qilingan “One by two” filmi sarflangan mablag‘ni oqlamagan. Olgan kreditini qoplash uchun aktyor uyini sotishiga to‘g‘ri kelgan.

Eng ko‘p o‘qilgan

Qidiruv