O‘zbekiston iqtisodiyoti 2021-yilda 4,3 foizga, 2022-yilda esa 4,5 foizga o‘sadi. Bu haqda Jahon bankining yanvar oyidagi “Jahon iqtisodiyoti istiqbollari” hisobotiga tayanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.

Foto: Access-info

Bankning baholashicha, mamlakatning YaIM o‘sishi 2020-yilda 0,6 foizni tashkil etgan. Oktabr oyida Jahon banki O‘zbekiston iqtisodiyotining 2020-yildagi o‘sishi 0,4 foizdan 0,8 foizgacha, 2021-yilda — 4,8 foizdan 5 foizgacha bo‘lishini prognoz qilgandi.

Jahon bankining prognozlariga ko‘ra, 2021-yilda Markaziy Osiyo iqtisodiyotining o‘sishi 3 foizga qadar tiklanadi. Bunga xomashyo narxining biroz ko‘tarilish va Xitoyning “Bir makon — bir yo‘l” tashabbusi doirasida submintaqadagi ishtirokining faollashuvi doirasida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining ortishi sabab bo‘ladi.

Shu bilan birga, ekspertlarning ta’kidlashicha, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalarida vaziyatning salbiy rivojlanish xavfi ustunlik qiladi.

“Ayrim mamlakatlarda ijtimoiy xavotirni yuzaga keltirgan sabablardan biri hisoblanuvchi koronavirus pandemiyasining kuchayishi, shuningdek, geosiyosiy ziddiyatlarning ortishi xavfi hisobiga mintaqadagi iqtisodiy o‘sishning yaqin istiqbollari noaniq qolmoqda”, — deyiladi hisobotda.

Ta’kidlanishicha, mintaqada koronavirus bilan kasallanishning ortishi cheklovlarning kuchayishiga hamda uy xo‘jaliklari va kompaniyalarning keskin javobiga olib kelishi mumkin.

Jahon bankining prognozlariga ko‘ra, 2020-yili koronavirus pandemiyasi sabab yuzaga kelgan keskin qisqarishlardan so‘ng dunyodagi ishlab chiqarish 2021-yilda 4 foizga ko‘tariladi. Ekspertlarning baholashicha, 2021-yilda AQSh YaIMi 3,5 foizga, Yaponiyaniki 2,5 foizga, 2020-yilda 2 foizga o‘sgan Xitoy YaIMi esa 7,9 foizga o‘sadi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning oktabrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonning YaIM bo‘yicha 2021-yil prognozini pasaytirgan edi.