O‘zbekistonda 2020-yil noyabrida Xitoy Fanlar akademiyasining Mikrobiologiya instituti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan koronavirusga qarshi rekombinant vaksinaning 3-bosqich sinovlari boshlangan edi. Xitoyning Chongqing Zhifei Biological kompaniyasi 5 mingga yaqin ko‘ngillida sinash uchun yetarli vaksina taqdim etgan. Vaksina olganlar orasida, jumladan, O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning oila a’zolari ham bor. Vazir “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov bilan suhbatda vaksina sinovi qanday kechayotgani haqidagi savollarga javob berdi.

Ibrohim Abdurahmonov.

Foto: “Daryo”

— Xitoydan keltirilgan 5 mingta rekombinant vaksinaning haligacha hatto yarmi ham qilinmaganini qanday izohlaysiz? Emlanish istagidagi ko‘ngillilar soni ozmi yoki boshqa omillar ta’sir qilyaptimi?

— Buning, albatta, o‘ziga xos sabablari bor. Avvalo, COVID-19’ga qarshi emlash bo‘yicha bizda tajriba yo‘qligi tufayli tayyorgarlik jarayoniga ma’lum vaqt ketdi. Klinik sinovlar o‘tkaziladigan xonalarni barcha zarur jihozlar bilan ta’minlash hamda ko‘ngillilarni qabul qilish, tibbiy ko‘riklarni amalga oshrish ishlari ham vaqt talab qiladigan jarayon. Vaksina olish istagidagi fuqarolarning har biri bilan suhbatlashib, ularning kasallik tarixi, psixologik holati o‘rganilyapti. Murojaat qilayotgan ko‘ngillilar birinchi kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ulardan koronavirusga test olinyapti, antitanalari tekshirilmoqda. Ikkinchi kuni esa ular emlanyapti. Biz ommaviy emlash jarayonini o‘tkazayotganimiz yo‘q – bu ilmiy tadqiqot jarayoni bo‘lgani bois ham jarayon aniqlikni talab etadi. Klinik sinovlar avvalida bir yoki ikki nafar fuqaroni emlagan bo‘lsak, bugungi kunda ular soni ancha oshdi.

Ko‘ngillilar bilan suhbat chog‘ida fuqarolardan tibbiy holatlari to‘g‘risida ma’lumot olinadi, xususan, avval COVID-19 kasalligiga chalingan-chalinmagani so‘raladi — koronavirus bilan og‘rigan kishilarda sinov o‘tkazilmaydi, tibbiyot xodimlari esa ularga vaksinaning xususiyatlari, emlash jarayoni haqida batafsil tushuntirishlar beradi. Mana shu suhbat jarayonining o‘zida taxminan 10 foiz ko‘ngilli emlashdan voz kechishi kuzatilmoqda yoki tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra ularning vaksina olishi rad etilmoqda. Bu tabiiy holat. Suhbatdan o‘tgan murojaatchilardan qon tahlili olinadi. Shu bosqichda qon tahlili topshirganlarning taxminan 30 foizining organizmida koronavirusga qarshi antitanalar borligi aniqlanmoqda. Bular koronavirusni o‘zi bilmagan holatda alomatlarsiz yengib o‘tgan hisoblanadi. Ular sog‘lom bo‘lishiga qaramay, emlanishga jalb qilinmayapti. Chunki bu vaksinaning samarasini tekshirishga xalal beruvchi omil hisoblanadi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, tibbiy ko‘rikdan o‘tib, vaksina olishga loyiq, deb topilgan fuqarolarga qayta o‘ylab ko‘rishlari uchun bir kun imkoniyat beryapmiz, ularni emlanishga hech kim majbur qilmaydi. Hozirgacha 10 foiz ko‘ngilli ikkilangan holda emlanishdan voz kechdi.

Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsam, 18-dekabrdan 6-yanvargacha 3 ming nafar fuqaro ko‘rikdan o‘tkazildi. Ammo yuqorida sanab o‘tilgan turli sabablar tufayli 1 270 nafar odamni emlashga erishildi. Ularning hech birida shubhali kasalliklar yo‘q, barcha ko‘ngillilar o‘z xohish va roziliklari bilan tadqiqot shartnomasiga imzo qo‘yib, emlandi.

— 5 mingta vaksina bo‘yicha emlash jarayonini yakunlash qachonga mo‘ljallangan?

— Tadqiqot bosqichma-bosqich yakunlanadi. Yanvar oyi oxirigacha birinchi doza berilsa, bir oydan keyin xuddi shu ko‘ngillilar ikkinchi dozani oladi. Uchinchi oy uchinchi doza beriladi. Har bir bosqich oldidan ularning antitanalari, albatta, tekshiriladi. Shu bois ko‘ngillilar bilan shartnoma tuzilarkan, tadqiqot davomida uch marta emlash uchun va bir yil davomida deyarli har oy tibbiy ko‘rikdan o‘tishga kelishlariga kelishiladi. Yuqorida aytganimdek, bu ommaviy emlash jarayoni emas, bu ommaviy emlash jarayonidan avval amalga oshiriladigan puxta ishlangan ilmiy tadqiqotdir. Aynan mana shu tadqiqot natijalari ommaviy emlash bo‘yicha qaror qabul qilinishiga zamin yaratadi.

— Ko‘ngillilar hududlar kesimida tahlil qilinganda, qaysi viloyatlardan ko‘p murojaat tushmoqda?

— Bu ilmiy tadqiqot bo‘lgani tufayli Toshkent shahri hududidagi ko‘ngillilar emlanmoqda. Viloyatlarda yoki chekka hududlarda yashovchi ko‘ngillilar tekshirish jarayoniga vaqtida yetib kelmasa, ular tadqiqotdan chiqib ketishiga to‘g‘ri keladi. Bizning maqsad 5 ming nafar odamni emlash. Agar ularning hammasi tekshiruv jarayonlarida to‘liq qatnashmasa, bizning statistikaga ta’sir qiladi, tadqiqot talablari buziladi. Natijada tadqiqot samaradorligini ko‘rolmay qolamiz. Ayni paytda vaksina olish istagida murojaat qilayotganlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Poytaxtdagi o‘nlab katta-katta tashkilotlarning xodimlari ham ko‘ngillilar sifatida emlanyapti. Shuni qayd etish kerakki, 5 ming nafar odamni emlash uchun salkam 12 ming nafar ko‘ngillini tekshiruvdan o‘tkazish talab etiladi. Negaki yuqorida aytganimdek, murojaatchilarning bir qismi turli sabablar bilan vaksinatsiyadan chetlatiladi yoki buni o‘zlari rad etadi.

— Ko‘ngillilar orasida keksalar ham bormi?

— Ko‘pincha 18—55 yosh oralig‘idagi yurtdoshlarimiz murojaat qilyapti. Keksalar o‘rta yoshlilarga nisbatan kamroq. Suhbat yoki tibbiy tekshiruv vaqtida nuroniylarning aksariyatida surunkali kasalliklar borligi ma’lum bo‘lyapti. Vaksina olayotganlarning asosiy qismi 29—40 yoshlilar. Emlanganlar orasida 56—58 yoshdagilar ham bor. Tahlillarga ko‘ra, vaksina olish istagini bildirayotganlarning ko‘pchiligi erkaklar.

— Emlash jarayoniga xitoylik mutaxassislar ham jalb qilinganmi?

— Jarayonda Xitoydan kelgan 8 nafar mutaxassisdan tashqari, 50 nafarga yaqin o‘zbekistonlik shifokorlar ham ishtirok etmoqda. Ko‘ngillilarni ko‘rikdan o‘tkazish jarayoni vazirligimiz binosida o‘tkazilayotgan bo‘lsa, emlash ishlari esa uchta poliklinikada bo‘lib o‘tmoqda. Uchala poliklinika ham ertalabdan kechgacha faoliyat yurityapti.