Ijtimoiy tarmoqlarda 14-yanvar oqshomida qo‘shni Tojikiston hududida joylashgan Qayroqqum suv omborida to‘g‘on yorilgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ushbu axborot yolg‘on va hech qanday asosga ega emasligini ma’lum qildi. Suv xo‘jaligi vazirligi fuqarolarni bu kabi yolg‘on mish-mishlarga ishonmaslikka va xotirjamlikka chaqirdi.

Foto: TripAdvisor

Ushbu mish-mishlar 2020-yili Sardoba suv ombori to‘g‘onining yorilishi oqibatida jabrlangan Sirdaryo viloyatining Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlari aholisi orasida vahima keltirib chiqargan. “Gazeta.uz”ning yozishicha, ayrimlar uylarini zudlik bilan tark etishga uringan. Qayroqqum suv ombori Sardoba tumanidan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev fuqarolarni tinchlantirish uchun mazkur tumanlarga kelgan. U odamlarni mish-mishlarga ishonmaslikka va vahimaga berilmaslikka chaqirgan.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

“Bahri tojik” suv omboridagi gidroelektr stansiyasi direktori Fayzulla Azizovning ma’lum qilishicha, suv omborida hech qanday muammo yo‘q, barcha inshootlar texnik soz holatda. Gidroelektr stansiyasidagi agregatlar odatdagi tartibda ishlab turibdi. Barcha inshootlarning xavfsizligi nazoratga olingan. Suv ombori atrofidagi hududlarda yashovchi aholi sarosimaga tushib, xavfsiz hududlarga ko‘chib o‘tayotgani haqidagi xabarlar ham asossiz.

“Bugungi kunda Qayroqqum suv omborining suv hajmi 3,443 milliard kub metr bo‘lib, suv omboriga suvning kirishi 892 m³/soniya, suvning chiqishi esa 880 m³/soniyani tashkil etmoqda. Suv omborida oxirgi o‘n kunlik davomida suv to‘plash va suv chiqarishda hech qanday keskin o‘zgarish kuzatilmagan”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligida kechayu kunduz faoliyat yuritadigan navbatchilik tashkil qilingan hamda dispetcherlik xizmati doimiy ishlab turibdi. Shuningdek, respublikadagi barcha yirik suv inshootlarining xavfsiz ishlashi yana bir bor nazoratdan o‘tkazilgan.

“‘Bahri tojik’ suv omborining suv hajmi o‘zgarishi bo‘yicha qo‘shni Tojikiston suv xo‘jaligi organlari, O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda “O‘zgidromet” markazi bilan muntazam aloqalar o‘rnatilgan bo‘lib, suv omborining ishlash rejimi bo‘yicha har soatlik monitoring yuritib borilmoqda. Suv xo‘jaligi vazirligi fuqarolarni bu kabi yolg‘on mish-mishlarga ishonmaslikka va xotirjamlikka chaqiradi”, — deya qayd etiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, “Bahri tojik” suv ombori suvidan O‘zbekistonning Toshkent viloyati Bekobod tumani, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hamda qo‘shni Qozog‘istonning ekin maydonlarini sug‘orishda foydalaniladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning 1-may kuni Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv omborida to‘g‘on o‘pirilishi yuz berdi (to‘g‘on 2010—2017-yillarda 1,2 trillion so‘m evaziga qurilgan). Hodisa oqibatida viloyatning Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi, shuningdek, Qozog‘istonning Maqtaaral tumanidagi aholi punktlari va ekinlarga zarar yetdi, binolaryo‘llar, kommunikatsiyalar vayron bo‘ldi. Hodisa oqibatida, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, olti kishi halok bo‘lgan, 90 mingga yaqin aholi evakuatsiya qilingan.

Dastlab hodisaga kuchli yomg‘ir va shamol sabab bo‘lgani haqida taxminlar ilgari surildi, biroq keyinroq voqea yuz berishi arafasida kuchli shamol va yog‘ingarchilik kuzatilmagani, hodisaga loyiha hujjatlaridagi, qurilishdagi va ekspluatatsiyadagi xato va kamchiliklar sabab bo‘lgani ma’lum qilindi. Bosh prokuraturaning iyul oyi oxiridagi bayonotida ish bo‘yicha qamoqqa olinganini e’lon qildi, keyinroq oktabr oyida ishga 17 kishi gumonlanuvchi sifatida jalb etilgani ma’lum bo‘ldi.