Qashqadaryo hokimi Zoir Mirzayev o‘rinbosarlari va 15 nafar hudud hokimi tibbiy ko‘rikdan o‘tish hamda davolanish maqsadida Toshkent shahriga jo‘nab ketdi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Qashqadaryo viloyat hokimligi

Ta’kidlanishicha, viloyat rahbari Zoir Mirzayev 17-yanvar, yakshanba kuni mas’ullarni Toshkent shahriga kuzatgan.

“Tarixda birinchi bor davolanish uchun ketyapsizlar. Demak, dam olishga boryapmanmi yoki davolanishga degan fikr hammada bo‘lishi kerak. Sizning salomatligingiz jamiyatga ham, oila a’zolaringizga ham kerak. Ertadan o‘rningizni vaqtincha yoshlar egallaydi. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, xalqchil bo‘lishning birdan bir usuli — xalqning dard-u tashvishlari ichida bo‘lishdir. Yosh rahbarlar bilan bitta bo‘lsa-da, xalq dardiga yechim topsak ham, bu katta yutuqdir”, — degan Zoir Mirzayev hokimlarni kuzatar chog‘ida.

Foto: Qashqadaryo viloyat hokimligi

Ma’lumot berilishicha, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, tuman va shahar hokimlari 10 kun davomida Toshkentda tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra davolanib, so‘ngra o‘z faoliyatini boshlaydi.

Foto: Qashqadaryo viloyat hokimligi

Eslatib o‘tamiz, 7-yanvar kuni Qashqadaryo hokimi Zoir Mirzayev boshchiligidagi tuman va shahar hokimlari, shuningdek, viloyat hokimining barcha o‘rinbosarlari birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tgandi. Tibbiy ko‘rik viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot poliklinikasida amalga oshirilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistondagi amaldagi qonunchilikka ko‘ra viloyat hokimlari hukumat qoshidagi tibbiyot bosh boshqarmasi ro‘yxatida turadi. Ularga zarur holatlarda tibbiy diagnostika qilish, davolash, umuman olganda, ularning salomatligini muhofaza qilish mazkur boshqarma zimmasida.

Shuningdek, O‘zbekistonda viloyat hokimlari bosqichma-bosqich qisqa muddatli ta’tilga chiqayotgani xabar qilingandi.