O‘zbekistonga AQSh va Germaniya kompaniyasi ishlab chiqargan koronavirusga qarshi vaksina keltiriladi. SSV matbuot xizmtining xabar berishicha, bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev ma’lum qildi.

Foto: Pfizer

Xabarda aytilishicha, GAVI (“Emlash va immunizatsiya bo‘yicha global alyans”) tashkiloti tomonidan O‘zbekiston COVAX (Koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash mexanizmi)ga a’zo davlatlar qatoriga kiritilganligi ma’lum qilingan.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi va hamkor tashkilotlar tomonidan COVID-19’ga qarshi vaksinani amaliyotga kiritish uchun mamlakatimiz aholisining 20 foizi miqdorida buyurtma tayyorlanib, COVAX fondiga yuborildi. Hozirda GAVI tashkiloti bilan hamkorlikda Amerikaning Pfizer va Germaniyaning BioNTech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi Comirnaty vaksinasini O‘zbekistonga 100 ming doza miqdorida olib kelinishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, — degan Bahodir Yusupaliyev.

Uning ta’kidlashicha, Pfizer/Biotech vaksinasini yuqori sovuqlik zanjiriga jiddiy rioya etgan holda 70 daraja sovuq haroratda saqlash talab etiladi. O‘zbekistonda 70 daraja sovuq haroratni saqlaydigan muzlatgichlar mavjud va hozirgi kunda koronavirusga qarshi emlash jarayonini puxta rejalashtirish va tibbiyot xodimlarini maxsus xavfsiz immunizatsiya shartlari bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tkazish, ayniqsa, vaksinator, reanimatologlar va boshqa tibbiyot xodimlarini tayyorlash ishlari boshlab yuborildi.

“Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yurtimizda 2—8 daraja haroratga mo‘ljallangan sovuqlik zanjiri infratuzilmasi mavjud bo‘lib, bu tizim JSSTning barcha talablariga javob beradi va xavfsiz emlash amaliyotini kafolatlaydi.

Emlash jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida GAVI tashkiloti tomonidan 17 ta katta hajmdagi refrijerator va 206 ta yuk tashuvchi miniven avtotransport vositasi taqdim etilib, yurtimizning har bir hududi va tumaniga yetkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, — degan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i.

Avvalroq Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Nurmat Otabekov Xalqaro press-klub sessiyasida O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tasdiqlagan vaksinalarni sotib olishi haqida ma’lum qilgandi.

“Qaysi vaksinani xarid qilamiz? Albatta, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tan olgan va samaradorligi isbotlangan vaksinalar O‘zbekiston tomonidan xarid qilinadi. Xarid qilinishidan avval tender o‘tkaziladi. Qaysi vaksina sifatli bo‘lsa, samarador deb baholangan bo‘lsa, o‘sha vaksina xarid qilinadi”, — degan edi Nurmat Otabekov.

Eslatib o‘tamiz, hozircha JSST faqatgina Pfizer hamda BioNTech kompaniyalari ishlab chiqargan vaksinani foydalanish uchun ma’qullagan.

O‘zbekiston, shuningdek, 70 million doza Rossiya vaksinasini sotib olishi ham ma’lum bo‘lgandi. Rossiyada Gamaleya instituti koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqargan. Hozirda vaksinadan favqulodda foydalanishni Rossiyadan tashqari Argentina ma’qullagan.