Turkmaniston koronavirusga qarshi Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu haqda Rossiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi (RTIF)ga tayanib, “Interfaks” xabar bermoqda.

Foto: Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi

“Turkmaniston Markaziy Osiyoda koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasini rasmiy ravishda ma’qullagan birinchi mamlakat bo‘ldi”, — deya RTIF matbuot xizmati fond bosh direktori Kirill Dmitriyevdan iqtibos keltirdi.

Fond bayonotiga ko‘ra, Turkmaniston hududida “Sputnik V”ni ro‘yxatdan o‘tkazish qo‘shimcha klinik tekshiruvlar o‘tkazilmay, tezlashtirilgan holda amalga oshirildi.

“Sputnik V” vaksinasi shu kungacha Argentina, Boliviya, Serbiya, Jazoir, Falastin, Venesuela, Paragvay va Belarusda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Turkmaniston hududida COVID-19 holatlari rasman aniqlanmagan. Hukumat kasallikka qarshi ko‘rilayotgan sanitar choralarni profilaktik tadbirlar deb atamoqda. Lekin mustaqil OAVlarga virusga chalinib, hatto undan vafot etganlar haqida ma’lumotlar ham kelib tushmoqda. Turkmen News’ning yozishicha, OAVdagi ma’lumotlarga tayanib, Turkmaniston hududida virusning birinchi to‘lqini yoz oylarida bo‘lgani, ikkinchi to‘lqini esa hozirda kuzatilayotgani haqida xulosa qilish mumkin.