COVID-19 virusi Yer sayyorasida abadiy qolishi mumkin, yuqori samarali vaksinaning borligi esa uni butunlay yo‘q qilish uchun kafolat bermaydi, deb yozadi “RBK” Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) Rossiyadagi vakili Melita Vuynovichga tayanib.

Foto: “RIA Novosti”

COVID-19 mavsumiy kasallikka aylanadi, deb aytish uchun asoslar bormi, degan savolga javoban u bunday variant bo‘lishi mumkinligini, ammo uzil-kesil javob berish uchun bir nechta mavsum davomida kuzatuv olib borish kerakligini bildirdi.

Vuynovichning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusning bartaraf etilishi yoki butunlay yo‘q qilinishi ehtimolini ko‘rib chiqish uchun vaksinalar immunitetning qancha vaqt davomida ta’minlashi va vaksinatsiya dasturlari yuqori immunitetga erishishda qanchalik samarali ekanini aniqlash kerak.

“Hatto yuqori samarali vaksinaning borligi ham biz virusni butunlay yo‘q qilishimiz yoki bartaraf qilishimiz mumkinligini kafolatlamaydi. Samarali global vaksinatsiya dasturi nuqtai nazaridan ehtimoliy voqealar rivoji kelajakda virus past darajali xavfga ega endemik virusga aylanishidan iborat bo‘lishi mumkin”, — dedi u.

Avvalroq “Rospotrebnadzor” koronavirus infeksiyasidan o‘lim sonining kamayishi va uning tarqalish potensialining oshishi virusning odamlarga moslashganidan dalolat berishi mumkinligini ta’kidlab, agar bu tendensiya davom etsa, COVID-19 mavsumiy kasallikka aylanishini ma’lum qilgan edi.

Xitoy Tibbiyot fanlari akademiyasining patogen biologiya instituti olimlari esa 2020-yil aprelidayoq koronavirus yo‘q bo‘lib ketmasligi va u mavsumiy gripp kabi har yili qaytalanishini ma’lum qilgandi.