O‘zbekistonda fevral oyining oxiri, mart oyining boshida koronavirusga qarshi vaksinatsiya jarayoni boshlanishi mumkin. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbarining o‘rinbosari Botir Qurbonov “Zamon” dasturiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2021-yilning 8-yanvarida O‘zbekiston aholisining 20 foiziga yetarli miqdorda birinchi buyurtma berilgan. JSST qo‘llashga ruxsat bergan Pfizer hamda BioNTech korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan vaksinani O‘zbekistonda ham emlash jarayoniga jalb qilish uchun 100 ming dozaga rasman buyurtma berilgan.

“Respublikamizning barcha aholisini emlash tadbirlari bilan qamrab olish rejalashtirilgan. Amerikada ishlab chiqilgan vaksinadan 100 ming doza buyurtma qilingan. Keyingi navbatda JSST tomonidan tavsiya etilgan vaksinalar bosqichma-bosqich sotib olinib, yurtdoshlarimizni emlash boshlanadi.

Pfizer va BioNTech vaksinasi bilan emlash tadbirlari fevral oyi oxiri, mart oyi boshlarida boshlanadi”, — degan u. Ushbu vaksina bilan birinchi galda shifokorlar va keksalar emlanadi.

Botirjon Qurbonovning ma’lum qilishicha, hozirda Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida Pfizer-BioNTech vaksinasini 70 daraja sovuqda saqlash imkonini beradigan muzlatgichlar hozirlab qo‘yilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda ayni vaqtda Xitoyning Anhui Zhifei Loncom Biofarmaceutical kompaniyasi tomonidan yaratilgan ZF 2001 rekombinant vaksinasining sinovlari davom etmoqda. Shuningdek, Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejasi ham mavjud. Umuman, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida 2020-yilning noyabrida ma’lum bo‘lgandi.