Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev COVAX (Koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash mexanizmi) fondi orqali Amerikaning Pfizer va Germaniyaning BioNTech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi Comirnaty vaksinasini O‘zbekistonga 100 ming doza miqdorida olib kelinishi bo‘yicha buyurtma berilganini 18-yanvar kuni ma’lum qilgan edi.

Yusupaliyevning so‘zlariga ko‘ra, “emlash jarayonini puxta rejalashtirish va tibbiyot xodimlarini maxsus xavfsiz immunizatsiya shartlari bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tkazish, vaksinator, reanimatologlar va boshqa tibbiyot xodimlarini tayyorlash ishlari boshlangan”. U, shuningdek, O‘zbekistonda Pfizer-BioNTech vaksinasini -70 daraja sovuqda saqlash imkonini beradigan muzlatgichlar, 2—8 daraja haroratga mo‘ljallangan sovuqlik zanjiri infratuzilmasi, 17 ta katta xajmdagi refrijeratorlar va 206 ta yuk tashuvchi miniven borligini ham ma’lum qilgandi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshliq o‘rinbosari Botirjon Qurbonov “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov bilan suhbatda 50 ming kishini ikki martadan emlash uchun yetarli miqdorda buyurtma qilingan Pfizer-BioNTech vaksinasi bilan O‘zbekistonda birinchi galda kimlar emlanishini aytib o‘tdi.

Botirjon Qurbonov.

Foto: UzReport

“Barchamizga ma’lum, juda ko‘plab shifokorlarimiz tunu-kun xizmat qilish davomida olamdan o‘tgan. Shu bois ushbu vaksina bilan birinchi galda koronavirus bo‘yicha tashkil etilgan maxsus shifoxonalar, koronavirusga gumon qilingan shaxslarni kuzatish uchun tashkil etilgan izolyator punktlari yoki saralash markazlarida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar, shifokorlarimiz emlanadi. Keyingi navbatda keksalarimiz — ushbu kasallikka chalinishi ehtimoli yuqori bo‘lgan, kasallikni yoshlarga nisbatan og‘ir o‘tkazadigan qariyalarimiz qamrab olinadi. Keksalarimizni emlash jarayoni majburiy bo‘lmaydi, birinchi navbatda ‘mana shu vaksinani olmoqchiman’, degan ko‘ngillilar emlanadi”, — dedi Qurbonov.

Uning ta’kidlashicha, hozirda Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida Pfizer-BioNTech vaksinasini -70 daraja sovuqda saqlash imkonini beradigan muzlatgichlar hozirlab qo‘yilgan. Vaksinatsiya boshlanishi bilan jarayon haqida har kunlik axborot, xususan, necha kishi ushbu vaksina bilan emlanganiga doir axborot shaffofligi ta’minlangan holda OAVda ham yoritib boriladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda vaksinatsiya 2021-yil fevral oyi oxiri — mart oyi boshida boshlanishi kutilmoqda.

“100 ming doza vaksina, albatta, butun O‘zbekiston xalqi uchun yetarli emas, shuningdek, butun O‘zbekiston uchun shu 100 ming dozadan ortiq vaksina olinmaydi, degani ham emas — bu bor-yo‘g‘i biz qo‘ygan birinchi qadam. Koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarishni O‘zbekistonning o‘zida ham mahalliylashtirish, qolaversa, davlat tomonidan ajratilgan mablag‘lar evaziga vaksinalar xarid qilish ham rejalashtirilgan”, — deydi Botirjon Qurbonov. Qayd etish joiz, 2021-yilda O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina sotib olish xarajatlari uchun 3 trillion so‘m ajratiladi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshliq o‘rinbosarining ta’kidlashicha, O‘zbekistonning barcha aholisi koronavirusga qarshi vaksinalar bilan “asta-sekinlik bilan” qamrab olinadi — birinchi navbatda Pfizer-BioNTech vaksinasi bilan emlansa, keyin uning yoniga asta-sekinlik bilan “Sputnik V” vaksinasi, undan so‘ng Xitoy tomonidan ishlab chiqarilgan vaksina qo‘shiladi va shunga o‘xshash bir qator vaksinalar qo‘shilishi oqibatida respublika aholisini COVID-19’ga qarshi emlab olish mumkin bo‘ladi, deydi u.

“Aholini sinovdan o‘tmagan vaksina bilan yoppasiga emlashga shoshmagan ma’qul. Epidemiologik jarayon avj olgan bo‘lsa ham, yoppasiga emlashni amalga oshirish mumkin edi. Respublikamizda hozir epidemiologik jarayonni bir maromda ushlab turishga muvaffaq bo‘lyapmiz. Kasallikka qarshi kurash tadbirlari to‘g‘ri va samarali amalga oshirilmaganida, epidemiologik vaziyatni bugungi darajada me’yorda ushlab tura olmagan bo‘lardik. Shuni e’tiborga olgan holda ta’kidlamoqchimanki, barcha yurtdoshlarimiz vaksina bilan emlanadi, ammo bu tadbirlar puxta o‘ylab, tayyorgarlik ko‘rilgach, vaksinalar samaradorligi baholangach amalga oshiriladi”, — dedi Qurbonov.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda ayni vaqtda Xitoyning Anhui Zhifei Loncom Biofarmaceutical kompaniyasi tomonidan yaratilgan mazkur ZF 2001 rekombinant vaksinasining sinovlari davom etmoqda. Shuningdek, Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejasi ham mavjud. Umuman, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida 2020-yilning noyabrida ma’lum bo‘lgandi.