Turkmaniston prezidenti koronavirusga qarshi mamlakatda avval ro‘yxatdan o‘tkazilgan Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasidan tashqari boshqa davlat vaksinalarini ham ro‘yxatdan o‘tkazishga ko‘rsatma berdi. Bu haqda “Neytral Turkmaniston” gazetasi ma’lumotiga tayanib, “Interfaks” xabar bermoqda.

Foto: Gezilecekyerlar

Gazeta xabariga ko‘ra, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov mazkur qadamni 2021-yilda Ashxobodga xalqaro musobaqalarda qatnashish uchun keladigan chet ellik sportchilarga tanlov berish zarurligi bilan izohladi.

Davlat rahbari 20-yanvar kuni 2021-yilgi velotrek bo‘yicha jahon chempionati va Devis Kubogi uchun tennis bo‘yicha xalqaro turnirning saralash uchrashuvlari bo‘lib o‘tadigan Olimpiya shaharchasiga tashrifi chog‘ida tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Turkmaniston sog‘liqni saqlash va tibbiy sanoat vaziri Nurmuhammed Amannepesov xorijlik sportchilar yuqumli kasalliklarga qarshi vaksinatsiya qilinishi hamda buning uchun zarur barcha sharoit hozirlab qo‘yilganini prezidentga ma’lum qildi.

Berdimuhamedov hozirgi kunda ko‘plab mamlakatlar o‘tkir virusli infeksiyalarga qarshi vaksina ishlab chiqarayotganiga e’tibor qaratdi.

“Bizda ro‘yxatdan o‘tkazilgan vaksinaga qaramay, chet ellik sportchilar boshqa vaksina yoki maxsus vositalar bilan emlanishni xohlashi mumkin, shuning uchun ular tanlov huquqiga ega bo‘lishi kerak. Biz ular uchun vaksinatsiyani bepul ta’minlashimiz kerak, buning uchun bizda barcha imkoniyatlar mavjud”, — dedi Berdimuhamedov.

2021-yil 13—17-oktabr kunlari Turkmaniston poytaxtida bo‘lib o‘tadigan velotrek bo‘yicha jahon chempionatiga dunyoning deyarli 40 ga yaqin mamlakatidan sportchilar kelishi kutilmoqda.

Avval xabar qilinganidek, 18-yanvar kuni Turkmaniston Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini ro‘yxatdan o‘tkazdi va tegishli sertifikat berdi. Shu orqali Turkmaniston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib “Sputnik V” vaksinasini o‘z hududida qo‘llashni rasman ma’qulladi.

Hukumat Turkmaniston hududida COVID-19 infeksiyasini yuqtirish bilan bog‘liq bironta ham holat qayd etilmaganini ta’kidlasa-da, mamlakatda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida 2021-yil 31-yanvargacha xorijiy reyslar, yo‘lovchi poyezdlari va shaharlararo avtobuslar harakati to‘xtatilgan, masjidlar, savdo, umumiy ovqatlanish, madaniyat va maishiy xizmat markazlari yopilgan.

JSST Turkmanistonda pnevmoniya bilan kasallanish holatlari oshgani haqidagi ma’lumotdan xavotirlanib, hukumatga xuddi mamlakat bo‘ylab COVID-19 tarqalgandek barcha ehtiyot choralarini ko‘rishni tavsiya qildi.