“Daryo” an’anaviy jahon matbuoti sharhi ruknida hafta davomida xalqaro OAVda muhokama qilingan eng muhim voqealar sharhini taqdim etadi.

Jozef Baydenning Markaziy Osiyo va Kavkazdagi siyosati qanday bo‘ladi? 

Tramp davrida AQSh o‘z qobig‘iga o‘ralib olish, oldingi ma’muriyat imzolagan xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmaslik kabi g‘alati, AQSh uchun begona bo‘lgan siyosat olib bordi. Baydenning ma’muriyati yangi va o‘z sohasidan yaxshigina xabardor bo‘lgan mutaxassislarni to‘plab, boy berilgan imkoniyatlarni o‘z nazorati ostiga olishda qay darajada muvaffaqiyatli siyosat yuritadi, deb yozadi “Eurasianet.org” nashri.

Foto: Google Photos

20-yanvar sanasida Jo Bayden qasamyod qabul qildi va prezidentlik vakolatini bajarishga kirishdi. Jo Bayden esa saylov natijalari e’lon qilingan kundan boshlab sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlaridagi vaziyatdan yaxshi xabardor bo‘lgan siyosatchilarni o‘z ma’muriyatiga jalb qildi. Ular orasida 2013-yilda Ukrainadagi Rossiyaga qarshi norozilik namoyishlarini qo‘llagan Viktoriya Nuland, Rossiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha Milliy xavfsizlik kengashi direktori Andrea Kendal Teylor, MRB direktori Uilyam Berns, Yevropa masalalari bo‘yicha Milliy xavfsizlik kengashi direktori Amanda Sloat kabi mutaxassislarni ko‘rish mumkin. Baydenning o‘zi esa AQSHning Sovet Ittifoqi borasidagi tashqi siyosatida 1970-yillardan beri ancha boy tajriba to‘plagan. Prezident Barak Obamaning ma’muriyatida ishlagan Jo Bayden Markaziy Osiyo va Kavkazdagi ko‘plab siyosatchilar bilan shaxsan tanish ham.

Bayden Gruziyaning azaliy tarafdori sanaladi. 2008-yilda Gruziyaning janubiy osetinlar va Rossiya bilan to‘qnashuvida senator Bayden Gruziyaga milliard dollarlik yordam paketini ajratishni taklif qilgan tashabbuskorlardan biri sifatida ham yodda qolgan. Noyabrdagi saylovlar natijasi e’lon qilinganda gruziyalik siyosatchilar janob Baydenning 2009-yilda Gruziya parlamentida chiqishi va gruziyalik shoir Ilya Chavchavadzening she’ridan parcha o‘qishini xotirlashdi.

Trampning 4 yillik prezidentligi davrida dunyo ham o‘zgardi va muntazzam o‘zgarishda davom etmoqda. Bayden Sobiq Ittifoq makoniga biror sezilarli o‘zgarish olib kelishi noaniq. Lekin Bayden o‘z atrofiga to‘plagan mulozimlar Rossiyaga nisbatan salbiy munosabatda.  Baydenning yangi hukumati esa Markaziy Osiyo va Kavkazda faol bo‘lishga urinib ko‘rishi mumkin.

Tramp preizdentligi davrida rasmiy Vashington tashqi siyosatda asosan Eron, Xitoy, Shimoliy Koreya va Isroilga o‘z diqqatini qaratdiyu, dunyoning boshqa mintaqalaridagi vaziyatga ko‘z yumdi. 2019-yilda Gruziya va Rossiya, 2020-yilda Ozarbayjon va Armaniston voqealarida ham AQSH sukut saqladi. AQShning yuqori martabali shaxslaridan biri Jon Boltonning 2018-yilda Kavkazga tashrifini hisobga olmasa, AQShning mintaqaga qiziqishi so‘nsa so‘ndiki, ortmadi.

Tog‘li Qorabog‘dagi ixtilof avjga chiqqanda esa AQShning o‘zida ham saylov poygasi qizg‘in pallaga kirgandi. Tramp Tog‘li Qorabog‘dagi masalaga deyarli to‘xtalmadi ham, ammo Bayden nizoni qattiq tanqid qildi. Moskvaning aralashuvi bilan esa qurolli nizo yechim topdi. Bu esa rasmiy Kremlning mintaqada kim yetakchi ekanini yana bir bor eslatib qo‘yishi uchun asos bo‘ldi. Biroq Ozarbayjon ham, Armaniston ham Kavkazda Rossiyadan ko‘ra AQShning ko‘proq bo‘lish tarafdori bo‘lsada, Ozarbayjon Oq uyga demokratlarning kelishidan xavotir ham oladi. Chunki aksar holatlarda amerikalik demokratlar ko‘proq amerikalik arman lobbistlari bilan murosa yo‘lini tanlashga moyil.

Markaziy osiyoliklar uchun yana bir o‘zgarish bo‘lishi kutilayotgan siyosiy voqea bu Bayden ma’muriyatining Eron bilan 2015-yilda kelishilgan bitim shartlariga qaytishi bo‘lishi mumkin. Trampning Eronga nisbatan keskin tashqi siyosati mintaqada, xususan, Armaniston va Ozarbayjonning ham Eron urushiga tortilishi xavfi bo‘lib keldi.

Rasmiy Vashingtonda siyosatchilar qaysi partiyaga mansubligidan qat’i nazar Xitoyni o‘zlariga xavf deb biladilar. Rossiya borasida esa amerikalik siyosatchilarning fikri ham salbiy. Ular nazarida Rossiya ham xalqaro munosabatlarda butun dunyo, qolaversa, AQShning o‘ziga ham salbiy ta’sir qilmoqda. Shunday ekan, Bayden Xitoy va Rossiyaga qarshi qanday siyosat yuritishini, shubhasiz, oldindan aytish mumkin bo‘lsada, Markaziy Osiyodagi masalalarda sezilarli o‘zgarish bo‘lmasligi haqiqatga yaqinroq.

Xitoy iskanjasiga tushgan Afrika

Qashshoq Afrika qit’asi mamlakatlari tobora Xitoyning qarzdorlariga aylanib bormoqda. Tanzaniya prezidenti Jon Magufuli hattoki Xitoyning kreditlash siyosatini “yirtqichlik” deb nomlagan holda AQShning yangi prezidenti Afrikadagi vaziyatda bosh bo‘lishiga umid bildirdi, deb yozadi The Project Syndicate nashri.

Foto: Google Photos

Pandemiya hukm surayotgan vaziyatda Afrika qit’asidagi aksar mamlakatlar katta bir muammo girdobida qolib ketdi. Aprel oyida Efiopiyaning Nobel mukofotiga loyiq topilgan prezidenti Abiy Ahmad “mintaqa qarzlarni qaytarish va moliyaviy zahiralarni aholining jonini saqlashga yo‘naltirish borasidagi qiyin tanlov ostida qolganidan” shikoyat qiladi. Agarda mamlakat moliyaviy mablag‘larni aholini salomatligi uchun yo‘naltiradigan bo‘lsa, Xitoydek kreditor oldida javob berish masalasi ko‘tarilishi asosiy siyosiy masalaga aylanishi mumkinligi haqida gapiradi. Tanlov esa juda murakkab.

Pandemiya bilan kurashayotgan Efiopiya uchun qarzdorlikni to‘lash borasida muxlat berilishi o‘ta muhim. Bunday muhlat berilgan taqdirda Afrikaning eng qashshoq mamlakatlaridan biri bo‘lgan Efiopiya hukumatiga 1,7 milliard dollar mablag‘ni tejab qolish imkonini bergan bo‘lardi. Efiopiya rahbarining ma’lum qilishicha, Efiopiyaning pandemiyaga qarshi samarali kurashishi uchun 3 milliard dollar mablag‘ talab etiladi.

Qarzdorlikni to‘lash borasidagi muhlat Angola uchun hozircha ish berayotgan bo‘lsada, qo‘shni Chad, Kongo, Mavritaniya, Sudan kabi mamlakatlarda ham pandemiya bois xom ashyo narxlariga bo‘lgan talabning keskin tushib ketishi ortidan Angoladagi kabi jiddiy muammolarga sabab bo‘ldi. Otgan yilning sentabr oyida Angola hukumati Xitoyning CDB (qarzdorlik 14,5 milliard dollar) va EximBank ( qarzdorlik 5 milliard dollar) bilan qarzdorlik yukini 6,2 milliardga tushirish borasida uch yil muxlat berilishiga kelishib oldi.

Zambiya esa oktabr oyida 42,5 millionlik qarz foizlarini qaytarish borasida defoltga tushib qolishiga ozgina qoldi. Mamlakatning tashqi qarzi esa ayni paytda 12 milliard dollarga baholanar ekan, bu raqam mamlakat yalpi ichki mahsulotining deyarli yarmini tashkil qiladi. Xitoylik kreditorlar Zambiya hukumatiga qarzning foizlarini va asosiy summasini qaytarish borasida olti oyga muzlatib qo‘yish bilan imkoniyat taqdim qildi. EximBank esa Zambiyaning 110 million dollarlik qarzlarini to‘lashni to‘xtatib qo‘yishga ruxsat berdi. EximBankning bu tashabbusi katta yigirmatalik davlatlari tarafidan ma’qullandi va dunyoning eng qashshoq mamlakatlariga qarzni qaytarish borasida vaqtinchalik nafas rostlab olish imkonini berdi. Ayni paytda Afrikadagi 31 mamlakat qarzni qaytarishni to‘xtatib turish uchun murojaat yo‘llagan. Bu mamlakatlar qarzlarining 70 foizidan ko‘prog‘i taqriban 8 milliard dollarni tashkil qilib, bularning barchasi Xitoy bergan qarzlar hisoblanadi. 2008-yildagi moliyaviy inqirozdan so‘ng Xitoy rivojlanayotgan mamlakatlar uchun kreditlash loyihasini tashkil qiladi. Natijada qarz olayotgan mamlakatlarning qarz yuki 2005-yilda  yalpi ichki mahsulotning 1 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, 2017-yilga kelib bu summa yalpi ichki mahsulotning 15 foizini tashkil qildi.

Natijada Afrikadagi bir qator mamlakatlar o‘ta jiddiy inqiroz yoqasiga kelib qoldi. Sababi xitoylik bankirlarning ajratayotgan qarzlari boshqa xalqaro banklarning kreditlariga taqqoslaganda o‘ta og‘ir shartlarda taqdim qilinadi. Xitoy kreditlari foiz stavkalari yuqoriligi va muddatlarning qisqaligi bilan ajralib turadi. 2020-yilda Tanzaniya prezidenti Jon Magufuli avvalgi ma’muriyat Xitoy bilan imzolagan 10 milliard dollarlik kreditni bekor qilar ekan, Xitoy tarafi taqdim qilgan kreditlarni faqat “ichkilikka ruju qo‘ygan odamgina qabul qila oladi” deya baholagandi.

Bundan tashqari, Xitoy taqdim qilayotgan kreditlar maxsus banklar yoki davlatga qarashli tijorat banklari tarafidan taqdim qilinsa-da, bu kreditlarga Xitoy hukumati egalik qiladi. Bu banklar mustaqil yuridik tizim sifatida ko‘rilsa-da, aslida mustaqil kreditorlar hisoblanmaydi. Qolaversa taqdim qilinayotgan kreditlarning 60 foizi garovga u yoki bu narsani qo‘yish hisobiga amalga oshadi. Qarz olgan taraf qarzdorlik yukini yumshatish bilan murojaat qilganda Xitoy banklari garovga qo‘yilgan narsani berishni talab qila boshlaydi.

Shuningdek, yuridik maqomi noaniq bo‘lgan Xitoy banklari aksar holatlarda ajratilayotgan kredirlarni ikki tomonlama tartibda ko‘rishni va kredit shartlarini maxfiy saqlashni ham talab qiladi. Zambiya hukumati va Xitoyning CDB bank o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomasi ham aynan shunday tartibda tuzilgani e’tiborga molik. Albatta, boshqa suveren banklar qashshoq mamlakatlarga o‘z vaqtida moliyaviy yordam bera olmayotganda Xitoy taklif qilayotgan moliyaviy kreditlar ohanrabodek tortishi ham haqiqat.

Afrika qit’asidagi demografik o‘sish oqibatida Afrika mamlakatlarida infratuzilmalarni rivojlantirish uchun ham moliyaviy mablag‘lar tanqisligi kuzatiladi. Ustiga ustak Afrika mamlakatlari xalqaro kapital bozori va banklariga chiqish imkoniyatidan mahrum. Qolaversa Xitoy kreditorlari Afrika mamlakatlari hukumatlaridan davlat boshqaruvini isloh qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish degan talablarni qo‘ymaydi. Natijada mintaqa mamlakatlari ajdarho shartlari evaziga kredit liniyasi ochishga mahkum bo‘lib qoladi. Bu kreditlash tizimi esa Afrika qit’asi uchun hech qachon foyda keltirmaydi.

Pandemiya davrida Afrika mamlakatlari qarzni to‘lash borasida vaqtinchalik moratoriy olgan bo‘lsa-da, bu ularning qashshoqlik muammosini hal qilishga qodir emas. Aksincha moratoriyning tugashi bilan qashshoq mamlakatlarda defolt holati kuzatilishi avjiga chiqadi. Xalqaro valyuta fondi va boshqa xalqaro tashkilotlar yuzaga kelgan jiddiy vaziyatni hal qilish uchun aralishiga to‘g‘ri keladi. Shu sababdan qarzdorlik ortidan keladigan xavflarning oldini olish uchun Afrika mamlakatlariga yangi xalqaro tizim kerak. Yangi saylangan AQSh prezidenti Jozef Bayden Afrika hukumatlari nolasiga quloq tutadimi yoki yo‘qmi yaqin kelajak ko‘rsatadi. Xitoy esa hozircha Afrikada shaffof bo‘lmagan kreditlash siyosatini yo‘lga qo‘yib olgan va bu siyosat mintaqa mamlakatlarini jarlikka itarmoqda.

Jozef Baydenning Xitoy borasidagi siyosati qanday o‘zandan ketadi?

Foto: Google Photos

AQSh uchun pandemiya va Donald Trampning bir muddatlik prezidentlik davri chinakam sinov davri bo‘ldi. Amerikaliklar Franklin Ruzvelt kabi haqiqiy rahbarning amerikaliklarni chuqur inqirozdan olib chiqishga va mamlakatdagi tushkunlik kayfiyatiga zarba berishga qodir bo‘lgan rahbarning kelishini orzu qila boshladilar. Nihoyat, uzoq kutilgan muddat keldi va AQSh siyosatida keng tajriba to‘plagan, Milton ta’biri bilan aytganda “dunyoga yorug‘lik keltiradigan”, yoshi keksa bo‘lsa-da, shijoatga to‘la bo‘lgan siyosatchi demokrat AQSh prezidenti bo‘ldi. The Economist nashri Baydenning Xitoy borasidagi siyosati qanday bo‘ladi, degan savolga javob izlaydi.

So‘nggi to‘rt yil mobaynida xitoylik amaldorlar Trampni beodob prezident, o‘z xudbinligi bilan ish ko‘radigan davlat rahbari sifatida nomlab keldi. Xitoy rahbari janob Si Zinpin bir nutqida Xitoy va AQSh munosabatlarini ringdagi qoidasiz jangga ham qiyosladi.

20-yanvar sanasida yangi prezident o‘z vakolatlarini amalga oshirishga kirishdi. Trampdan qolgan tartibsizlikni Bayden tuzatishga kirishar ekan, Xitoy bilan munosabatda o‘zidan avvalgi ma’muriyatning siyosatini unchalik ham o‘zgartirmasligi ayon. Biroq yangi prezident ma’muriyati Xitoy bilan munosabatlarni tartibga solishga urinsada, Xitoy uchun murakkab bo‘lgan siyosatni dastaklashi aniq. Buning uchun esa AQShlik amaldorlar aqlliroq, kuchliroq va sog‘lom bo‘lgan siyosatchilar jamoasi bilan Xitoyga qarshi turishiga va har bir diplomatik jangda Xitoyni mag‘lub qilib, g‘alabani o‘z hisoblariga yozib qo‘yishlariga to‘g‘ri keladi.

Xitoy tarafi esa ehtiyotkorlik bilan oradagi keskinlikni yumshatishga harakat qilgan holda, AQSh va Xitoy munosabatlarining iliqlashuvidan umid ham qilmaydi. Bayden 2016-yildagi kabi o‘z iqtisodiyotini Xitoy uchun ochmasligi aniqroq, sababi ochiq iqtisodiyot Xitoydagi siyosiy tartibni o‘zgartirishga sabab bo‘lmadi. Amerikalik biznes to‘ralar hozirda janob Bayden Xitoy tovarlariga nisbatan e’lon qilgan bojlarni bekor qilinmasligidan ranjishlari hali oldinda. Xitoyning texnologik kompaniyalariga nisbatan e’lon qilingan Trampning siyosatini Bayden davom ettirar ekan, Xitoyga ta’sir qiluvchi pishanglarga ega bo‘lishni istaydi. Shu sababdan Bayden Xitoyga nisbatan AQSh siyosatini qanchalik yumshatishni istashiga qaramasdan, bu borada ancha sust harakat qilishi ham aniqroq.

Bayden ko‘p yillar davomida Senatda erkin savdo haqidagi bitimlarning tarafdori sifatida tanilgan bo‘lsada, globallashuv jarayoniga ishonqiramay qaraydigan prezident hisoblanadi. Vitse prezidentligi davrida janob Bayden Xitoyning iqtisodiy xudbinlik siyosatiga qarshi turish uchun Tinch okeani mamlakatlari aro hamkorlik loyihalarini qo‘llab kelgan bo‘lsa, prezident sifatida bunday loyihalarni hayotga tadbiq qilish uchun shoshmasligi aniq.

Janob Bayden AQShni fan-texnikada Xitoyni ortda qoldirish uchun amaliy fanlarga ko‘proq sarmoya kiritishga sharoit yaratib berishga intilsada, Trampdek bir qancha yoshlar platformasiga aylangan TikTok’dek ilovalarni o‘z holiga tashlab qo‘yadi. Xitoylik talabalarni AQShda o‘qishga taklif qilar ekan, Xitoy tarafi yuborayotgan josuslar bilan FQB alohida shug‘ullanishiga ko‘rsatmalar ham beriladi.

Trampni Xitoydagi inson huquqlari masalasi bezovta qilmagani xitoylik amaldorlar uchun ijobiy davr sifatida tarixda qoldi. Bayden ma’muriyati esa bu masalani o‘ta jiddiy qabul qilishi ham tayin. Kongress ham Baydendan Gongkong va Shinjon muxtor viloyatidagi uyg‘ularning huquqlari kamsitilayotgani borasida aniq jazo sanksiyalari tatbiq qilinishini talab qilishi ham bor gap.

Jozef Bayden, shuningdek, Xitoy bilan iqlim o‘zgarishi, koronavirusga qarshi vaksina yaratish, Barak Obama davrida Eron hukumati bilan imzolangan yadroviy kelishuv shartlariga qaytish borasida bir qator siyosiy loyihalarni birgalikda hal qilishga chorlovchi takliflarni bildirishi ham mumkin.

Nihoyat, AQShning o‘z ittifoqchilari bilan qayta birlashuvi yuz beradi. Xitoyga qarshi raqobat qilishda, ittifoqchilar o‘ta muhim. Bayden Xitoyga qarshi turishni maqsad qilgan ekan, ittifoqchilarining, shubhasiz, Vashington tarafida bo‘lishini istaydi. AQSh va Xitoy jangi qoidalarga amal qilingan holda kechadimi yoki yo‘q, hozircha aniq bo‘lmasada, dunyo jamoatchiligini ikki o‘rtadagi kurash kutaytgani aniq.

Jahongir Ergashev tayyorladi.