Yangi-Angren IESda sex rahbari lavozimida ishlab kelgan 40 yoshli S.Sh. 23-yanvar kuni uyida o‘zini osib, vafot etgan. Bu haqda “Kun.uz” xabar qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, IESdagi portlash aynan u rahbarlik qiladigan sexda sodir bo‘lgan. Mazkur xabarni Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati rahbari Behzod Qobulov tasdiqlagan.

IES portlash ishi bo‘yicha Angren prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam o‘lishi va boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ta’kidlanishicha, o‘limidan bir kun oldin S. Sh. jinoiy ish doirasida so‘roq qilish uchun chaqirilgan.

Hozircha marhum S.Sh.ning o‘zini osishiga nima yoki qanday voqelik sabab bo‘lgani ma’lum emas.

Eslatib o‘tamiz, 20-yanvar kuni “Yangi Angren” issiqlik elektr stansiyasining profilaktika choralarini ko‘rish uchun to‘xtatilgan 5-energiya blokida chang-ko‘mirli havo aralashmasining portlashi sodir bo‘lgan, portlash oqibatida uch kishi halok bo‘lgan va yana uch kishi jarohat olgandi. Energetika vazirligi ularning oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilganini ma’lum qilgandi.

Portlash oqibatida uch kishi vafot etgani yuzasidan jinoyat ishi ochilgan. Bosh prokuratura matbuot xizmati hozirda mazkur holat yuzasidan Angren shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qilgan.