Amerikaning Falcon 9 og‘ir raketasining 23-yanvarga belgilangan rekord sonli sun’iy yo‘ldoshlar bilan birgalikdagi parvozi bir sutka keyinga ko‘chirildi, deb yozadi “Interfaks” SpaceX kompaniyasiga tayanib.

Foto: Reuters

Bortida 133 ta tijorat va davlat kichik sun’iy yo‘ldoshlari, shuningdek, SpaceX kompaniyasining 10 ta Starlink internet sun’iy yo‘ldoshi bo‘lgan raketaning Transporter-1 missiyasi doirasidagi parvozi Toshkent vaqti bilan 24-yanvar, yakshanba kuni 20:00 da Floridadagi Kanaveral burnida joylashgan 40-kosmik majmuadan amalga oshiriladi.

To‘rtinchi marta foydalanilayotgan Falcon 9 raketasining ilk ko‘p martalik pog‘onasi ajralib chiqqanidan Atlantikadagi start maydonidan 533 km masofada joylashgan Of Course I Still Love You droneship avtomatik dengiz platformasiga boshqariluvchi vertikal qo‘nishni amalga oshirishi kerak bo‘ladi.

10 ta Starlink sun’iy yo‘ldoshi qutb orbitasiga chiqariladi.

20-yanvar kuni Falcon 9 og‘ir tashuvchi raketasi past Yerga yaqin orbitaga 60 ta kichik sun’iy yo‘ldoshdan iborat navbatdagi partiyani muvaffaqiyatli olib chiqqan edi, ular Starlink tizimi internet qamrovi global tarmog‘ini yoyishni davom ettirish uchun mo‘ljallangan.

Bu Starlink loyihasi doirasida 2019-yil mayidan boshlab internet sun’iy yo‘ldoshlar katta guruhining orbitaga 17-marta chiqarilishidir. SpaceX’ning orbital guruhida allaqachon 1013 ta Starlink kosmik qurilmalari bor.

Ayni paytda kompaniya dunyodagi eng yirik sun‘iy yo‘ldosh operatori hisoblanadi.

Kelgusida SpaceX kompaniyasi Yer aholisini sayyoraning istalgan nuqtasida keng polosali internetga kirish bilan ta’minlash imkoniyatini beruvchi to‘liq ko‘lamli tarmoq yaratish uchun 12 mingta ushbu turdagi kosmik qurilmadan iborat orbital guruhni shakllantirishni rejalashtirmoqda. Loyihani amalga oshirishga kiritilgan investitsiyalarning umumiy qiymati 10 milliard dollarga baholanmoqda.