UzAuto Motors kompaniyasi 25-yanvardan boshlab Chevrolet Tracker krossoveri o‘rnini egallaydigan yangi avlod Tracker’ini taqdim etdi.

Foto: UzAuto Motors

Yangilangan Trecker panorama lyuk, LED chiroqlar va 8 dyuymlik sensorli ekranga ega bo‘lgan audiotizim bilan jihozlangan. Mashina dinamik to‘xtash chiziqlariga ega orqa kamera, katta sig‘imli yukxona va boshqa ko‘plab qulayliklarga ega bo‘lgan.

Avtomobilning texnik tavsifi:

  • zamonaviy uch silindrli ECOTEC turbomotor;
  • aralash sikldagi yoqilg‘i sarfi 5,5 l/100 km, quvvati 123 ot kuchi;
  • 6 pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi;
  • kalitsiz salonga kirish va dvigatelni ishga tushirish;
  • yoqilg‘i sarfini tejashga mo‘ljallangan stop-start intellektual tizimi;
  • yangilangan va katta hajmli yukxona.

Foto: UzAuto Motors

Yangi Tracker’ni 25-yanvardan boshlab quyidagi komplektatsiyalarda, Chevrolet standartlari talablariga to‘liq javob beradigan dilerlik markazlaridan xarid qilish mumkin:

  • Boshlang‘ich komplektatsiya: 145 130 000 so‘mdan (QQSsiz), 166 899 500 so‘mdan (QQS bilan). Boshlang‘ich komplektatsiyadagi avtomobilni sotib olish istagini bildirgan xaridorlar dilerlik tashkilotlari yoki “info@uzautomotors.com” elektron manziliga so‘rov qoldirishlari lozim. Yetarli miqdordagi so‘rovlar jamlanganidan so‘ng kompaniya ushbu avtomobillarni xaridorlarga yetkazib berilishini ta’minlaydi.
  • LT komplektatsiya: 193 043 478 so‘m (QQSsiz), 221 999 999 so‘m (QQS bilan).

Foto: UzAuto Motors

Foto: UzAuto Motors

Avvallari Tracker faqat Xitoy va Braziliyada sotilgan, biroq 12-dekabrda Amerikaning General Motors va Xitoyning SAIC Motor kompaniyalarining SAIC-GM qo‘shma korxonasi yangi Chevrolet Tracker’ni xalqaro bozorga eksport qilishni boshlagan. 209 ta avtomobildan iborat birinchi partiya O‘zbekistonga yuborilgan.

Noyabr oyida Shveysariyaning Credit Suisse kompaniyasi UzAuto Motors’ga investitsion loyihalar, jumladan, General Motors’ning arzonlashtirilgan GEM platformasidagi yangi modellarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi uchun 150 million yevrogacha kredit ajratishi ma’lum bo‘lgandi.