O‘zbekistonda Xitoyning koronavirusga qarshi ZF 2001 vaksinasi sinovida ishtirok etishni istagan ko‘ngillilar soni 25-yanvar holatiga ko‘ra, 10 058 nafarni tashkil etdi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

Innovatsion rivojlanish vazirligining xabar berishicha, ulardan 4 447 nafari vaksinaning 1-dozasi bilan va 364 nafari vaksinaning 2-dozasi bilan emlandi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu sinovda ko‘ngilli bo‘lib qatnashish uchun rozilik xatiga imzo chekkan, amal qilish muddati o‘tmagan identifikatsion hujjat taqdim etgan, test protokoli talablarini tushungan va unga mos kelgan, shuningdek, avval COVID-19’ga chalinmagan 18 yoshdan katta, sog‘lom fuqarolar ishtirok etmoqda.

Vaksina sinovlaridan ishtirok etishni istaganlar quyidagi havola orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Xitoyning Anhui Zhifei Loncom Biofarmaceutical kompaniyasi tomonidan yaratilgan mazkur ZF 2001 rekombinant vaksinasining sinovlari ikki-tomonlama noma’lum, platsebo nazorat usulda olib borilmoqda. Ushbu vaksina sinovi O‘zbekistonda 10-dekabr kuni boshlangan bo‘lib, u 14 oy davom etadi.