Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 25-yanvar kuni Ashxabodda qurilayotgan yirik obyektlarni ko‘zdan kechirish vaqtida “Turkman alabay itlari” xalqaro assotsiatsiyasi buyurtmasi bilan kuchuklar uchun qurilayotgan maxsus boshpanalarni ham ko‘zdan kechirdi. Bu haqda “Xronika Turkmenistana” xabar berdi.

Foto: “Turkmenistan segodnya”

Berdimuhamedovga qurilishning borishi haqida uning o‘g‘li, assotsiatsiya raisi Serdar Berdimuhamedov, shuningdek, Sanoat va tadbirkorlik kengashi raisi Dovran Xudoyberdiyev ma’lumot bergan.

Turkmaniston prezidenti ko‘rgazmali maydon, tomosha tribunasi va to‘siqli yo‘lakchalarni o‘z ichiga oluvchi kompleksning asosiy rejasi bilan tanishgan.

Shuningdek, Berdimuhamedov kirish darvozalari, kompleksga o‘rnatiladigan alabaylar haykali, hududni o‘rab turuvchi to‘siqlar, chiroq ustunlari, tribunalardagi o‘rindiqlarning rangi hamda inshootning boshqa ichki dekorativ elementlari dizaynini tasdiqladi.

Foto: “Turkmenistan segodnya”

Foto: “Turkmenistan segodnya”

Berdimuhamedov bosh vazirning qurilish-sanoat kompleksi bo‘yicha o‘rinbosari Shomuhammet Durdiliyevga obyektlarning ranglari milliy uslub bilan uyg‘unlashgan bo‘lishini nazorat qilish haqida topshiriq berdi. Shuningdek, u agrosanoat majmuasi uchun mas’ul bosh vazir o‘rinbosari Esanmurat Orazgeldiyevga alabay obrazining badiiy mujassamlashuvida sodiqlik va jasorat kabi o‘ziga xos xususiyatlar aks etishi kerakligini tushuntirgan.

Majmuani qurish uchun joyning Kopetdag‘ tog‘lari etagidan tanlangani Berdimuhamedovni qoniqtirdi. Tashrifi yakunida Turkmaniston rahbari turkman alabayi bayrami va turkman oti milliy bayramini (Turkmanistonda aprel oyining oxirgi yakshanbasida nishonlanadi) birlashtirishni taklif qildi.

Foto: “Turkmenistan segodnya”

Foto: “Turkmenistan segodnya”

Foto: “Turkmenistan segodnya”

Foto: “Turkmenistan segodnya”

Ma’lumot uchun, 2020-yil 31-avgust kuni “Turkman alabaylari” assotsiatsiyasi xalqaro maqomga ega bo‘lgan, uning raisi sifatida Serdar Berdimuhamedov saylangan. O‘shanda turkman alabaylari bayramini aprelning so‘nggi yakshanbasida, turkman otlari milliy bayrami bilan bir kunda o‘tkazish belgilangandi.

2017-yilda Turkmaniston prezidenti Rossiya prezidenti Vladimir Putinga alabay kuchugini sovg‘a qilgan, kuchukka “Sodiq” laqabi berilgan. 2019-yilning mayida u Rossiya sobiq bosh vaziri Dmitriy Medvedevga ham alabay sovg‘a qilgan. 2020-yil noyabr oyida Berdimuhamedov Ashxobodda alabay itiga atab o‘rnatilgan oltin haykalni ochib bergandi.