Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida ijtimoiy og‘ir ahvolga tushib qolgan besh nafar ayolga toshkentlik tadbirkor tomonidan saxovat qilinib, uy-joy qurish uchun 100 million so‘m pul berildi. Voqea hokimlik tashabbusi bilan televideniye jurnalistlari tomonidan tasvirga ham olindi. Biroq efirga ketmadi.

2020-yil 18-may.

Foto: Qarshi tuman hokimligi

“Daryo” muxbiri Otabek Qo‘ldoshev bilan suhbatlashgan ayollar voqeaning efirga ketmaslik sababini ochiqladi.

“2020-yil 18-may kuni menga sobiq xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Muqaddas Mirsaidova qo‘ng‘iroq qilib, Qovchin qishlog‘iga yetib borishimni, bizga ikki sotixdan yer berilayotganini aytdi. Men quvonganimdan tez yetib bordim. Borsam, mingga yaqin odam yig‘ilgan ekan. Hamma, hatto prokuror ham bor ekan. Keyin o‘sha yerda odamlarga 500 ming so‘mdan pul, ikki boshdan qo‘y va 10 tadan tovuq ham berishdi. Keyin bizni — besh nafar ayolni er-xotin, er-xotin qilib ajratishib, ‘Sizlar uy-joy uchun’, deyishdi. Va ‘toshkentlik tadbirkor Adham Berdiyev 100 million so‘m pulni sizlarga uy-joy uchun sovg‘a qildi’, deyishdi. Aqidaxonim degan bloger meni bir qadam oldinga chiqarib, 100 million so‘m pulni qo‘limga tutqazdi. Pulni 10 daqiqalar ushlab turdim. Keyin pul ushlab turgan holatimni televideniyega tasvirga olishdi. Har tarafimdan rasmlarga olishdi.

2020-yil 18-may.

Foto: Qarshi tuman hokimligi

So‘ngra Aqidaxonim pulni qaytarib olib, hokimiyat vakillari — Muqaddas opa va Nodir akaning qo‘liga berdi. To‘g‘risi, pulni ko‘rib quvonganimdan yig‘lab yubordim. Keyin Aqidaxonimga o‘sha Adham Berdiyev degan tadbirkorga minnatdorlik bildirish uchun telefon raqamini so‘radim. Aqidaxonim ‘Yo‘q, tadbirkor namozxon odam, u berganini aytmasligimni so‘ragan, shuning uchun telefon raqamini berolmayman, gaplashsangiz o‘zimning telefonimdan gaplashtiraman’, dedi. Shunda men telefonni qo‘limga olayotgandim, xo‘jayinim men gaplashay dedi. Va tadbirkor bilan telefonda gaplashib, minnatdorlik bildirdi. Tadbirkor ham pulni bizga uy uchun berib yuborganini aytib, ‘ikki oyda sizlarning uylaringiz bitadi’, dedi. Shundan so‘ng pulni hokimiyat vakillari mashinaga solib, olib ketishdi. Shundan beri na pulni ko‘rdik va na uyni”, — deydi Venera Shodmonova.

Venera Shodmonova.

Foto: “Daryo”

Pulini ololmay sarson bo‘layotgan ayollardan yana biri Zilola Norqulova hokim xayriya qilingan pulga ularga uy qurib berishni va’da qilganini, uyning eshiklarini temirdan emas, taxtadan qurib berishini alohida ta’kidlaganini aytdi.

2020-yil 18-may.

Foto: Qarshi tuman hokimligi

“Mirsaidova menga telefon qilib, ‘Zilola Qovchin qishlog‘iga tez yetib kel, senga uy beriladi’, dedi. Men hatto yo‘l pulim ham yo‘q, borolmayman degandim, ‘yo‘l pulingni ham beraman, tez oilang bilan yetib kel’, dedi. Bordim. Borsam, ko‘p odam yig‘ilgan ekan. Poliklinikaning orqa tomonidagi namunali uylarni ko‘rsatib, ‘Sizlarga ham mana shunaqa uy qurib beriladi, o‘tib ko‘ringlar’, dedi. O‘tsak, 30 nafarga yaqin usta ishlayotgan ekan. Buni ko‘rib, to‘g‘risi, xursand bo‘lib ketdik. Muqaddas opa menga, ‘mana farzanding vafot etgandi, Xudo senga uyli bo‘lishni nasib qildi’, dedi. Keyin tadbirda Aqidaxonim tadbirkor tomonidan 100 million so‘m pul bizga xayriya qilinganini aytdi va Venera opaga pulni berdi. Hokim opa esa ‘shu pulga sizlarga uy qurib beramiz. Faqat temir eshiklimas, yog‘och eshikli qilib quramiz va ikki oyda ko‘chib kirasizlar dedi’, — deydi Zilola Norqulova.

Zilola Norqulovaning aytishicha, mazkur tomosha televideniyega ham tasvirga olingan.

2020-yil 18-may.

Foto: Qarshi tuman hokimligi

“Televideniyega ‘syomka’ qilib, rasmlarga olib bo‘lishgach, 100 million so‘m pulni Aqidaxonim Muqaddas opaga berdi. Muqaddas opa esa kulrang sumkadagi pulni Nodir akaga uzatdi. Nodir aka pulni oq mashinaga soldi va ketishdi”, — deydi Zilola Norqulova.

Zilola Norqulova ularga berilgan 20 million so‘m pulni izlab, hokimiyatga so‘rab boravergach, hech qanday javob bo‘lmaganini, shu sababdan ham holat bo‘yicha prokuraturaga, DXXga murojaat qilishga majbur bo‘lganini aytmoqda.

2020-yil 18-may.

Foto: Qarshi tuman hokimligi

“Tumanimiz prokurori Alisher Mirzayev 20 million so‘mga tovuq katak ham qurolmaysan, nima qilasan pulning ketini quvib dedi”, — deydi murojaatchi ayol.

Zilola Norqulova.

Foto: “Daryo”

Zilola Norqulovaning bildirishicha, ular o‘ziga berilgan pulni so‘rab, tuman hokimi Maqsuda Mustafoyevaning yoniga ham borgan.

“Hokim opaning oldiga borganimizda u kishi ‘Aqidaxonim mening qizim bo‘ladi. Men shu tumanga hokim bo‘lganim uchun u o‘sha pullarni sizlarga olib kelgan. Pul menda, xohlagan odamimga beraman’, dedi”, — deydi Zilola Norqulova.

2020-yil 18-may.

Foto: Qarshi tuman hokimligi

Xayriya qilingan pulni o‘z qo‘li bilan ushlagan, ammo pulga ega chiqolmagan ayol — Venera Shodmonovaning turmush o‘rtog‘i pul uchun tadbirkorga minnatdorlik ham izhor qilganini aytmoqda.

Xushmurod Isoqov.

Foto: “Daryo”

“Men tadbirkor Adham Berdiyev bilan suhbatlashib, unga pul uchun minnatdorlik bildirdim. Unga berib yuborgan puli xalqqa, jumladan, bizga berilganini aytgandim. Endi esa bunaqa tomosha bo‘lib o‘tiribdi”, — deydi Venera Shodmonovaning turmush o‘rtog‘i Xushmurod Isoqov.

“Menga qishlog‘imizdagi xotin-qizlar bo‘yicha mutaxassis Latofat opa telefon qilib, ‘Nilufar, oilang bilan Qovchin qishlog‘iga tez yetib kel, sizlarga uy-joy uchun yer berilyapti ekan’, dedi. Men yetib borganimda ko‘p odam yig‘ilgan ekan. Kimgadir pul, kimgadir qo‘y, yana kimgadir esa tovuq berildi. Bizga, qolgan besh nafar ayolga esa Aqida opa mana 100 million pul deb ko‘rsatib, ‘besh kishining nomiga, o‘zlaringizga berilsa, ishlatib yuborishlaringiz mumkin, shuning uchun hokim opaning qo‘lida turadi. Sizlarga quriladigan uyga ishlatiladi’, dedi”, — deydi Nilufar Xayrullayeva.

2020-yil 18-may.

Foto: Qarshi tuman hokimligi

Nilufar Xayrullayeva o‘ziga berilgan 20 million so‘mga qachon uy qurilishini bilish maqsadida hokim Maqsuda Mustafoyeva qabuliga bir necha marotaba borganini, har safar “kutinglar, qurilyapti” degan javobdan boshqa tayinli javob ololmaganini bildirdi.

“Bizni olib borgan xotin-qizlar bo‘yicha mas’ul — Latofat opaga va’da qilingan pul yoki uy qani deb so‘raganimda, ‘bilmasam, u narsa jim bo‘lib ketdi. O‘zlaringiz surishtiringlar’, dedi”, — deydi murojaatchi Xayrullayeva.

Nilufar Xayrullayeva uy masalasida hokim Maqsuda Mustafoyevani bir necha marotaba bezovta qilgach, hokim unga qo‘pol gapirib, haqorat qilganini aytmoqda.

Nilufar Xayrullayeva.

Foto: “Daryo”

“Fuqarolar dardini eshitmaydigan, yordam so‘rab borgan ayollarni haqoratlab, qo‘lini ko‘rsatadigan hokim kerakmas bizga”, — deydi u.

Mazkur tadbirda qatnashgan jurnalist Otabek Usmonov o‘sha kuni Qashqadaryo viloyat televideniyesi jurnalistlariga ko‘maklashganini aytib, 100 million so‘m pul berilayotganini eshitganini, biroq pullar keyinchalik qanday sarflanganidan xabari yo‘qligini aytdi.

Otabek Usmonov.

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan Qarshi tumani mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Otaniyoz Rahmonov ushbu voqealardan xabari yo‘qligini, bu voqealardan so‘ng hokimlikka ishga o‘tganini bildirdi.

Hokim Maqsuda Mustafoyeva mehnat ta’tilida bo‘lgani sabab u bilan telefon orqali muloqot qilmoqchi bo‘lib, qo‘ng‘iroq qildik. Hokim ikki marta qilingan telefon qo‘ng‘irog‘iga javob bermagach, holatga izoh so‘rab, hokimning birinchi o‘rinbosari Sardor Abdullayev bilan bog‘landik. Hokimning birinchi o‘rinbosari “Mazkur ish bilan shug‘ullangan Muqaddas Mirsaidova voqeadan yaxshi xabardor bo‘lgani sabab o‘zi izoh beradi”, dedi.

2020-yil 18-may.

Foto: Qarshi tuman hokimligi

“Daryo” muxbiri bilan muloqot qilgan Muqaddas Mirsaidova esa pulini ololmayotganini aytgan Zilola Norqulovaga tuman prokurori Alisher Mirzayev tashabbusi bilan uy berilganini aytib, video va rasmlar taqdim qildi. Zilola Norqulova esa unga berilgan uy maktabning eski binosi ekanligini aytib, yashash uchun berilgan noturar joy erta-indin yana qaytarib olinishidan qo‘rqib, uyni qabul qilmaganini bildirdi.

Muqaddas Mirsaidovaning qo‘shimcha qilishicha, ayni kunda pulini ololmayotganini aytgan ayollarning barchasiga yashash uchun boshpana qilib berilgan. Tuman hokimligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Zilola Norqulova hamda Venera Shodmonovaga “Rovot” mahallasidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun ajratilgan binodan, Nilufar Xayrullayevaga esa “G‘ubdin” MFY hududidagi noturar bino yashash uchun qulay holatga keltirib berilgan.

Foto: “Daryo”

Hokimlik axborot xizmatining 2020-yil 21-maydagi ushbu tadbir haqida yozgan xabarida ta’kidlanishicha, o‘sha kuni homiylar ko‘magida 87 ta oilaga 500 ming so‘mdan moddiy yordam, parranda boqish istagida bo‘lgan 20 ta xonadonga 10 donadan tovuq, 25 ta oilaga esa 1 boshdan qo‘y berilgani aytib o‘tilgan. Qolaversa, 22 nafar fuqaroga 2 sotix hajmdagi bir qavatli 2 va 3 xonadan iborat bo‘lgan uylar qurib berilishi ham ta’kidlangan. Demak, hokimlik axborot xizmati murojaatchi ayollarning uy qurib berilishi haqidagi gapini tasdiqlamoqda.

Hokimlik axborot xizmatining “Daryo” so‘roviga javoban yozgan ayni kundagi munosabatida esa birinchi xabardagi ba’zi ma’lumotlar o‘zgargan. Ya’ni o‘sha tadbirda 87 ta oilagamas, 100 ta oilaga 500 ming so‘mdan pul berilgan. Qo‘y berilgan xonadonlar soni ham 25 tamas, 20 ta. Uy-joyini qurishda ko‘maklashiladigan xonadonlar soni ham 12 taga kamaytirilib, 10 taga yaqin deyilmoqda.

Foto: “Daryo”

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Hokimlik axborot xizmati nega ikki xil ma’lumot keltirib, jamoatchilikni chalg‘itmoqda? Aslida qaysi ma’lumot to‘g‘ri?

Ikkinchi axborotda pul ko‘rinishida yordam olgan oilalar soni 87 tadan 100 taga ko‘payib qolganini tushuntirarkan, tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Ali Ergashev buni xayriya tadbiri keyinchalik ham davom ettirilgani bilan izohladi. Ayni vaqtda u qo‘y olgan oilalar soni 25 tadan 20 taga kamayib qolishi sababini tushuntirib berolmadi. “Raqamda adashgan bo‘lishimiz mumkin”, — dedi Ali Ergashev.

Foto: “Daryo”

Dastlabki ma’lumot to‘g‘ri bo‘lsa, nega hokimlik uy-joy qurishga mo‘ljallangan pullarni sarflamagan yoki egalariga qaytarmagan?

Qaytarmagan deyilishiga asos bor, albatta.

“Daryo” muxbiri bilan shu haqda suhbatlashgan bloger Aqida Mohirova 5 nafar ayolga saxovat tariqasida berilgan 100 million so‘m pul ayni kunda hokimlikda ekanligini, ayollarga va’da qilingan uy qurilishi boshlab yuborilganini va buni shaxsan o‘zi nazorat qilayotganini bildirdi. Qarshi tuman hokimligining ayni kundagi rasmiy munosabatida esa Aqidaxonim tomonidan yetkazilgan xayr-saxovat pullari allaqachon endigina poydevori qurib bitkazilgan uy qurilishiga sarflab bo‘lingani yozilgan.

2020-yil 18-may.

Foto: Qarshi tuman hokimligi

“O‘sha payt ayollarga, aynan o‘sha 5 ta oilaga 100 million so‘mga ular uchun uy quriladi deb aytilgan. Ular bunga ho‘p deyishgach, pulni hokimlikka topshirdim”, — deydi bloger Aqida Mohirova.

Xo‘sh, jamoatchilikni kim aldamoqda? 100 million so‘m xayr-saxovat pullarini olib, unga ega chiqolmaganini aytayotgan murojaatchi ayollarmi? Yoki zakot pullari allaqachon uy qurilishiga sarflab yuborildi degan hokimlikmi? Yoinki, pullar hokimlikda, uy qurilishi boshlangan va bu ish shaxsan mening nazoratimda deyotgan blogermi?

Savollar ko‘p, javoblarga esa mehnat ta’tilidan qaytishi kutilayotgan hokim Maqsuda Mustafoyeva javob beradi, degan umiddamiz.