Hozirgi kunda O‘zbekistonda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 18 milliondan ziyod bo‘lib, bu mamlakat aholisining qariyb 55 foizini tashkil etadi. Bu haqda ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida so‘z yuritildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda davlat rahbari yoshlar bilan yangicha ishlash tizimini ikkita muhim yo‘nalishda tashkil qilish lozimligini qayd etdi.

“Birinchisi – yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘qitish orqali ularning bandligini ta’minlash bo‘lsa, ikkinchisi – yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishdir. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, barcha darajadagi rahbarlar shuni yaxshi bilishi kerakki, ushbu vazifalarni bajarishimiz shart va zarur. Boshqa ilojimiz ham, yo‘limiz ham yo‘q.

Bugungi kunda 18-30 yoshlilar orasida rasmiy ishsizlik 17 foiz yoki 844 ming nafarni tashkil etmoqda (bu umumiy ishsizlik darajasidan 1,5 baravarga ko‘p). Hisobga olinmagan ishsizlar soni esa bundan-da yuqori. Bunday muammolarni tizimli hal etish maqsadida, Respublika ishchi guruhi joylarda o‘g‘il-qizlarning takliflarini “mahallabay” o‘rganmoqda.

Hozirga qadar Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent viloyatlari va poytaxtimizda 50 mingga yaqin yoshlar bilan muloqotlar o‘tkazildi. Bildirilgan taklif va istaklar asosida, tuman va shaharlar kesimida “Yoshlar dasturlari” tasdiqlandi”, dedi Prezident.

Avvalroq Mahalla raislari va mazkur tizimda ishtirok etadigan barcha xodimlar Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘qitilishi hamda Shavkat Mirziyoyev Buxorodagi IT Park’ni borib ko‘rdi, yoshlar bilan suhbatlashgani haqida xabar berilgandi.