Xalqaro kosmik stansiya(XKS)ga ilk sayyohlar Ilon Maskning SpaceX kompaniyasiga qarashli Crew Dragon boshqariluvchi kemasida 2022-yilning yanvarigacha uchmasligi ma’lum bo‘ldi, deya xabar berdi kosmik sayyohlikni tashkillashtirishni rejalashtirayotgan Axiom Space kompaniyasi ma’lumotiga tayanib “Interfaks”.

Foto: NASA

Avvalroq kompaniya veb-saytida sayyohlarning ro‘yxati e’lon qilingandi. Ro‘yxatga ko‘ra, stansiyaga AQSh, Kanada va Isroil ishbilarmonlari — Larri Konnor, Mark Pati hamda Eytan Stibbe boradi. NASA sobiq astronavti Maykl Lopes-Alegria ularga hamrohlik qiladi.

XKSga 8 kunlik tashrif qiymati 55 million dollarga baholanmoqda. Parvoz oldidan sayyohlar Yerda 15 haftalik mashg‘ulotlardan o‘tishi kerak. Kelajakda kosmik sayyohlar bilan parvozlarni yiliga 2—3 marta amalga oshirish rejalashtirilgan.

Avvalroq SpaceX kompaniyasi Falcon eltuvchi raketasini 143 ta sun’iy yo‘ldosh bilan birga uchirib, bitta raketada uchirilgan sun’iy yo‘ldoshlar soni bo‘yicha yangi jahon rekordini o‘rnatgani haqida xabar berilgandi.

Kelgusida SpaceX kompaniyasi Yer aholisini sayyoraning istalgan nuqtasida keng polosali internetga kirish bilan ta’minlash imkoniyatini beruvchi to‘liq ko‘lamli tarmoq yaratish uchun 12 mingta ushbu turdagi kosmik qurilmadan iborat orbital guruhni shakllantirishni rejalashtirmoqda. Loyihani amalga oshirishga kiritilgan investitsiyalarning umumiy qiymati 10 milliard dollarga baholanmoqda.