Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov 27-yanvar kuni Turkmaniston Xavfsizlik Kengashining majlisida raislik qildi va u harbiy idoralar rahbarlarini chet eldan sotib olingan zamonaviy harbiy texnikalarga nisbatan ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi, deb xabar bermoqda “Xronika Turkmenistana”.

Foto: Livejournal

Davlat rahbari harbiy maxsus texnikani ishlatishga qodir malakali mutaxassislarni tayyorlashni va uning ishlash tartibi to‘g‘risidagi qoidalarni qayta ko‘rib chiqishni buyurdi.

So‘ngra bosh prokuror Botir Atdayev prezident buyrug‘i bilan amalga oshirilgan chegara qo‘shinlarini tekshirish to‘g‘risida hisobot berdi.

Hisobotdan keyin Berdimuhamedov chegara xizmati rahbari Shadurdi Durdiyevni ishdan bo‘shatdi. Shuningdek, Durdiyev general-mayordan podpolkovnik darajasiga tushirildi.

Shadurdi Durdiyev

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Durdiyevning ikki o‘rinbosari – Annamirat Charev va Ilman Ilmanovga “rasmiy vazifalarini lozim darajada bajarmaganliklari va o‘z ishlarida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun” so‘nggi ogohlantirish bilan tanbeh berildi.

Chegara qo‘shinlarining yangi qo‘mondoni etib Yazgeldi Nuriyev tayinlandi, u ilgari Milliy xavfsizlik institutining rektori bo‘lib ishlagan va muddatidan oldin polkovnik harbiy unvoni bilan taqdirlangan.

Yazgeldi Nuriyev

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Davlat rahbarining noroziligiga 13-yanvar kuni Ahal viloyatidagi chegara xizmati vertolyotining qulashi sabab bo‘lgani aytilmoqda. Biroq rasmiy ravishda bu haqda xabar berilmagan.

Shadurdi Durdiyev 2018-yil iyun oyida chegara xizmati boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.

Avvalroq Turkmaniston aholisini koronavirusga qarshi emlashga tayyorlanayotgani, Gurbanguli Berdimuhamedov alabay itlari va axaltekin otlarining bayramini birlashtirish haqida buyruq bergani hamda Turkmaniston Adliya vazirligi internetga ulanish qoidalarini e’lon qilgani haqida xabar berilgandi.