O‘zbekistonda COVID-19’ga qarshi vaksinatsiya jarayonining dastlabki bosqichida 50 mingga yaqin aholi emlanadi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

Uning aytishicha, mamlakatda koronavirusga qarshi aholining 20 foizini emlash uchun vaksinalarga byurtma berilgan.

“7 million aholini ikki marotaba emlash uchun jami 15 millionga yaqin doza vaksina olib kelinadi. Dastlabki bosqichda biz 100 ming doza vaksinani olib kelib, 50 mingga yaqin aholini ushbu kasalikka qarshi emlamoqchimiz”, — degan u “O‘zbekiston 24” kanaliga bergan intervyusida.

Nurmat Otabekovning bildirishicha, O‘zbekistonga 7 million doza vaksina olib kelinib, 7 million aholini ikki marotaba emlash uchun jami 15 millionga yaqin vaksina olib kelinadi.

Hozirda Xitoyning koronavirusga qarshi ZF 2001 vaksinasi sinovi davom etayotganini, 11 mingdan ortiq ko‘ngilli ushbu vaksina sinovida qatnashish istagini bildirganini eslatib o‘tgan.

Avvalroq Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev O‘zbekistonga JSST qo‘llashga ruxsat bergan Pfizer va BioNTech kompaniyalari ishlab chiqargan koronavirusga qarshi vaksina keltirilishini aytgandi.

Uning o‘rinbosari Botirjon Qurbonov 50 ming kishini ikki martadan emlash uchun yetarli miqdorda buyurtma qilingan Pfizer-BioNTech vaksinasi bilan O‘zbekistonda birinchi galda shifokorlar va keksalar emlanishini bildirgan. Hozirda Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida Pfizer-BioNTech vaksinasini 70 daraja sovuqda saqlash imkonini beradigan muzlatgichlar hozirlab qo‘yilgani ma’lum qilingan.

Moliya vaziri Timur Ishmetov 2021-yilda O‘zbekiston koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina sotib olish xarajatlari uchun 3 trillion so‘m ajratishini bildirgan.

2020-yilning noyabrida O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida ma’lum bo‘lgandi. Shuningdek, Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejasi ham mavjud.