Sayohat davomida sayyohlar ko‘plab g‘ayrioddiy voqealarga duch keladi va yillar o‘tgandan keyin ham ular o‘z taassurotlarini yaqinlari bilan o‘rtoqlashib yuradi. Ayniqsa, taom borasidagi xotiralar boshqa mamlakatga tashrif buyurgan sayyoh hayotida unutilmas va qiziqarli voqealarga sabab bo‘ladi. Bugun eng antiqa hid va ta’mga ega bo‘lgan ovqatni qayerda tatib ko‘rish kerak, degan savolga “RIA Novosti” e’lon qilgan fotosuratlar orqali javob topamiz.

Chirigan baliq

Karbamid moddasi miqdorining yuqoriligi sababli qutb akulasi go‘shti zaharli deb hisoblana boshladi. Shu sababli ham islandiyalik vikinglar xaukarl, ya’ni chirigan baliq tayyorlashni o‘rgandi. Ushbu taomni uzoq safarga otlanganingizda o‘zingiz bilan birga olib ketishingiz mumkin.

Tayyorlanishi juda oddiy: baliq go‘shtini mayda toshlar solingan idishga terib qo‘yasiz, shunda baliqdagi suyuqliklar oqib chiqib ketishi oson bo‘ladi. Vaqt o‘tgach, ularni ilgaklarga osib, yana ikki oydan to‘rt oygacha quritasiz. Ta’mi qaynatilgan oq baliqni eslatadi, lekin hidi yoqimsizroq bo‘ladi.

Foto: “RIA Novosti”

Durian

“Do‘zax tashqarida, jannat ichkarida” – bu Tailanddagi durianga berilgan ta’rif. Uning ko‘rinishini ko‘rganingizdan so‘ng nega unday deyilganiga guvoh bo‘lasiz. U faqat ta’mi uchungina emas, balki hidi uchun ham sizni hayratga solishi aniq. Durianning hidi chirigan go‘sht, eski paypoq, piyoz va sarimsoqpiyoz hidlariga taqqoslangan.

“Ta’til vaqtida turmush o‘rtog‘im bilan durianli muzqaymoq sotib olishga qaror qildik. U to‘q sariq rangda edi, deyarli mangoga o‘xshardi va ko‘rinishidan mazali deb o‘ylardi odam. Avval sutli qovunga o‘xshagan ta’m sezilgan bo‘lsa, keyin sarimsoqpiyozning ta’mini his qilish mumkin edi. Bu dahshat! Biz qolgan muzqaymoqni ortiq yeyolmadik”, — deydi moskvalik sayyoh Irina Lebedova. Irina o‘sha yerlik odamlar kulganini ko‘rib, bunday holatga duch kelgan birinchi sayyohlar biz emasmiz shekilli, degan xulosaga keldi.

Foto: “RIA Novosti”

Aynigan pishloq

Siz suratda ko‘rib turgan pishloqning vatani Italiyaning Sardiniya oroli hisoblanadi.

Tayyor pishloqlar yerto‘ladan pashshalar tuxum qo‘yishi uchun olib chiqiladi. So‘ng lichinkalar pishloq bilan oziqlanadi va ular chiqaradigan fermentlar pishloqning qolgan qismini yumshoq, qaymoqqa o‘xshagan shaklga keltiradi. Uning nomi “aynigan pishloq” deb tarjima qilinadi.

“Yaxshiyamki men pishloqni tatib ko‘rganimda uning tayyorlanishidan bexabar edim, aks holda sayohat davomida umuman ovqatlanmagan bo‘lardim”, — deb eslaydi moskavlik sayyoh Irina Pyatkova.

Foto: “RIA Novosti”

Yuz yillik tuxum

Xitoyda “yuz yillik tuxum” mashhur gazak hisoblanadi. Uni tayyorlash uchun mahsulotlar bir necha oy davomida havo kiritilmay, maxsus aralashma holatida saqlanishi kerak. To‘g‘ri tayyorlangan tuxumlar oqi elastik holatda, to‘q jigarrang va shaffof ko‘rinishda bo‘ladi. Tuxumning sarig‘i esa yumshoq bo‘lib, och kulrangdan qora ranggacha, kuchli ammiak hidiga ega bo‘ladi.

Tozalangan tuxumlar yuzasida qishda derazalarda paydo bo‘ladigan muzli naqshlar kabi belgilar paydo bo‘ladi.

Foto: “RIA Novosti”

Dengiz bodringi

Xitoy dengiz bodringi qisqichbaqa go‘shti yoki qora ikra taomlari kabi tansiq ovqat sifatida qadrlanadi. U suv yuzasida yashaydi, tashqaridan tikanli qurtga o‘xshab ketadi. Juda foydali hisoblanadi.

“Uning ta’mi yumshoq qisqichbaqalarni eslatadi, ammo negadir ko‘rinishi yoqimsizroq”, — deydi Olga Lazereva.

Foto: “RIA Novosti”

Tirik sakkizoyoqlar

Janubiy koreyaliklar tirik sakkizoyoqlarni butunicha yoki harakatlanayotgan qismlarini iste’mol qiladi. Mollyuskalar ustiga kunjut moyi quyiladi va turli ziravorlar sepiladi. Taom “sannakchi” deb nomlanadi.

“U xuddi rezinkaga o‘xshaydi, lekin bu hammasi emas! Taomni iste’mol qilayotganingizda sakkizoyoqlar tomog‘ingizga yopishib oladi, xuddi hayot uchun kurashayotganday!”, — deydi Olga Lazereva.

Foto: “RIA Novosti”

Vedjimayt

Vedjimayt – Avstraliyaning milliy taomi bo‘lib, xamirturush qo‘shib tayyorlangan quyuq, to‘q jigarrang ko‘rinishidagi xamirli taom.

“Bu taom faqat avstraliyaliklar uchun, uni boshqalar tatib ko‘rishni istamaydi. Sayyohlar ushbu taomni uyga olib kelgach va tatib ko‘rgach, ularning yuzidagi ifoda juda kulgili holatda bo‘ladi", — deydi Melburnda yashovchi talaba qiz Anjelika.

Foto: “RIA Novosti”

Syurstremming

Syurstryomming shvedlarning milliy mahsuloti bo‘lib, u tuzlangan seld konservasidan iborat. Shvedlar ushbu mahsulotni qaynatilgan kartoshka, piyoz, pomidor va non bilan birgalikda iste’mol qiladi.

Foto: “RIA Novosti”

Baqa panjasi

Baqa panjalari fransuz taomlari menyusiga kiradi. Ushbu taomning ommalashib ketishida cherkovning “ayb”i bor. Ro‘za mahalida ko‘p go‘sht yeyish taqiqlab qo‘yilgan edi, natijada qurbaqa oyoqlari arzon muqobilga aylandi.

Foto: “RIA Novosti”

Qizil va qora ikra

Qizil va qora ikra – chet elliklar uchun tavsiya etiladigan eng mashhur rus xalqining o‘ziga xos ta’mlaridan biri. Ammo sayyohlarga ko‘pincha bu g‘alati taom sifatida ko‘rinadi. “Amerikalik do‘stlarimning hammasi ham bu taomdan tatib ko‘rishga jur’at qilmaydi. Tatib ko‘rganlar esa bir qoshiq bilan cheklanadi”, — deydi dasturchi Vadim Getskiy.

Foto: “RIA Novosti”