Turkmaniston agrosanoat majmuasini nazorat qiluvchi bosh vazir o‘rinbosari Esenmirat Orazgeldiyev 28-yanvar kuni hukumati a’zolari bilan onlayn uchrashuv paytida prezident Gurbanguli Berdimuhamedovga alabaylar o‘rtasidagi go‘zallik tanlovi g‘olibi bo‘lgan itga beriladigan medal dizaynini taqdim etdi, deya xabar bermoqda “Xronika Turkmenistana”.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Medal bilan birga itga “Yilning jasur alabayi” unvoni beriladi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Bundan tashqari, Orazgeldiyev itlar tanlovi o‘tkaziladigan maydon loyihasi variantlarini ham taqdim etdi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Berdimuhamedov maydonning taqdim etilgan loyihalari va medalning dizayniga “xalqaro standartlarga javob berishi kerak” deb o‘z tuzatishlarini kiritdi. Amaldorga Turkman alabayi kuni nishonlanishi munosabati bilan birinchi marta bo‘lib o‘tadigan tantanali tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish buyurilgan.

Prezidentga loyiha va medal dizaynini “Turkman alabayi” xalqaro assotsiatsiyasi rahbari Serdar Berdimuhamedov emas, balki qishloq xo‘jaligiga mas’ul xodim taqdim etganining sababi ma’lum emas.

Avvalroq Berdimuhamedov xorijdan keltirilgan harbiy texnikalarni ehtiyot qilishni buyurgani va vertolyot qulashi sabab chegara xizmati boshlig‘ini ishdan bo‘shatgani, Turkmaniston aholisini koronavirusga qarshi emlashga tayyorlanayotgani hamda Gurbanguli Berdimuhamedov alabay itlari va axaltekin otlarining bayramini birlashtirish haqida buyruq bergani haqida xabar berilgandi.