AQSh fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasi (Federal Aviation Administration — FAA) kosmik kemalar uchirish uchun litsenziya buzilgani yuzasidan Ilon Maskning SpaceX kompaniyasiga nisbatan tergov boshladi. Bu haqda The Verge nashri vaziyat bilan tanish bo‘lgan ikki manbasiga tayanib yozmoqda.

Foto: NASA

Surishtiruv boshlanishiga Starship raketasining 2020-yil dekabridagi sinov parvozi sabab bo‘lgan, o‘shanda raketa qo‘nishi paytida portlash yuz bergan edi.

Nashr manbalariga ko‘ra, FAA nafaqat Starship prototipining qo‘nish paytidagi portlashi, balki SpaceX’ning idora tomonidan belgilab berilgan kosmik kemalarni uchirish shartlariga amal qilishdan bosh tortishiga bog‘liq holatni ham tekshirishni boshlagan.

“Biz tijorat sohasida innovatsiyalarni rag‘batlantirish uchun tezkor harakatlar muhimligini tan olsak-da, FAA jamoat xavfsizligini himoya qilish bo‘yicha o‘z mas’uliyatidan voz kechmaydi”, — dedi idora vakili Stiv Kulm.

Shu bilan birga, u SpaceX’ning aynan qaysi xatti-harakatlari FAA litsenziyasini buzganiga aniqlik kiritmadi.

Starship prototipining navbatdagi sinovi 28-yanvarda o‘tkazilishi kerak edi, ammo FAA bu parvozni o‘tkazishni taqiqladi, chunki mansabdorlar SpaceX o‘zining litsenziya haqidagi talabnomasiga kiritgan o‘zgartirishlarni ko‘rib chiqayotgan edi, dedi The Verge manbalaridan biri. Kompaniya rahbari Ilon Mask sinovlarning bekor qilinishidan juda g‘azablandi.

“FAA’ning hammasi joyida bo‘lgan aviatsiya bo‘linmasidan farqli o‘laroq, kosmik bo‘linmasi umuman olganda noto‘g‘ri normativ bazaga ega. Ularning qoidalari bir qancha davlat obyektlaridan yiliga bir nechta qaytarib bo‘lmaydigan uchirishlar uchun ko‘zda tutilgan. Bu qoidalarga rioya qilsa, insoniyat hech qachon Marsgacha yetib bora olmaydi”, — deb yozdi milliarder o‘z Twitter’ida.

Starship raketasi Oy va Marsga parvozlar uchun ishlab chiqilgan. Raketaning SN8 prototipi 10-dekabr kuni Texasda Yerga to‘g‘ri qo‘na olmasdan, portlab ketgan edi.